Yerto‘ladagi fabrika yoki noqonuniy mayning qurilmaning jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lgani xususida

Ishtixon tumani qishloqlaridan birida, oddiygina xonadonda chetdan qaraganda, hayot tinch kechayotgandek ko‘rinadi. Devor ortida, ya’ni yerto‘lada yuzga yaqin qurilmalar uzluksiz ishlayotgani hech kim, hatto qo‘ni-qo‘shnilarning ham xayoliga kelmaydi.

Qurilmalarning ovozi ko‘chaga eshitilmaydi, chunki yerto‘la devorlari maxsus qoplama bilan qoplangan: hech qanday tovush ham, yorug‘lik ham tashqariga chiqmaydi…

Aytish kerakki, keyingi yillarda hayotimizga “kriptovalyuta”, “mayning” singari atamalar kirib keldi. Albatta, bu atamalar qanday ma’noni anglatishi ko‘pchilik uchun qiziq ekanini inobatga olib, quyida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.

“Kriptovalyuta” — raqamli (virtual) pul turi bo‘lib, u blokcheyn texnologiyasi asosida ishlaydi. Unda bank yoki davlat organi orqali emas, balki o‘rtada nazoratchi organsiz hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Kriptovalyutaning Bitcoin (BTC), Ethereum (ETH), Tether (USDT), BNB, Solana, Cardano singari turlari dunyoda keng tarqalgan.

Ushbu virtual valyutalar ayrim do‘kon va onlayn xizmatlar uchun to‘lov vositasi sifatida xizmat qiladi. Xorijiy davlatlarda ko‘pchilik kriptovalyutani sotib olib, qimmati oshganda qayta sotadi va daromad oladi.

Kriptovalyutani ishlab chiqarish esa, xalq tilida “mayning” deb ataladi. U elektr energiyasi va kompyuter uskunalari yordamida blokcheyn tarmoqlarini quvvatlash va mukofot olish jarayonidir. “Mayning” faoliyatini noqonuniy amalga oshirish, ruxsatnomasiz yoki taqiqlangan usulda bajarish ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

“Kriptovalyuta” va “mayning” haqida biroz bo‘lsa-da, ma’lumot bergan bo‘lsak, endi yana Ishtixon tumanida ro‘y bergan voqeaga qaytamiz.

Bir paytlar qandolat sexiga mo‘ljallab qurilgan yerto‘la oxir-oqibat “bitkoin fabrikasi”ga aylandi. Bu fabrika noqonuniy tarzda, shuningdek, elektr hisoblagichsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri transformatorga ulangan holda ishlay boshladi. Qishloq ahli uchun mo‘ljallangan elektr quvvati endi yashirin firma qurilmalariga sarflandi.

Yorqin Husayinov (ism-shariflar o‘zgartirildi) - oliy ma’lumotli, Toshkent davlat moliya institutida tahsil olgan. U biroz muddat bankda ishlagan, keyin esa oilaviy korxona tashkil etgan. Uning “Morning Great Milk” deb nomlangan sexi sut mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan.

“Qahramonimiz” Telegram messenjeri orqali “mayning” qurilmalarini sotish haqida e’lon bergan Shohrux ismli shaxs bilan telefonda bog‘lanadi. Keyin esa u bilan Toshkent shahrida uchrashadi. Yo.Husayinov Shohruxdan dastlab 4 ming 480 AQSh dollariga 14 ta “ASIK” qurilmasini sotib oladi.

Keyin u qurilmalarni yerto‘laga yashirin ravishda o‘rnatadi. Tashqariga shovqin eshitilmasligi uchun yerto‘la devorlariga maxsus jihoz qoplaydi.

Qarindoshlar nomiga telefon sim kartalari sotib oladi. Qishloq aholisi foydalanishi uchun mo‘ljallangan transformatorga yashirincha ulanadi. Yerto‘la ichiga zarur paytda tokni uzib qo‘yish jihozini ham o‘rnatadi.

Shu tariqa noqonuniy faoliyatini boshlagan Yo.Husayinov tanishi Shohruxdan sotib olgan “ASIK” qurilmalari sonini 89 taga yetkazadi.

Qisqasi, Yo.Husayinov soliqlar-u kommunal to‘lovlarni chetlab o‘tgan holda noqonuniy faoliyatdan katta daromad ola boshlaydi.

Ammo oxir-oqibat uning qilmishi oshkor bo‘ldi. Tegishli idora tomonidan o‘tkazilgan tekshirish jarayonida yerto‘ladagi yuzlab qurilmalar ashyoviy dalil sifatida olindi. Yo.Husayinovga nisbatan esa jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sudda ma’lum bo‘lishicha, Yo.Husayinov mayning qurilma faoliyatini olib borish uchun O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan. U yerto‘lani ruxsat beruvchi hujjatlarsiz mayning uskunalari bilan jihozlab, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori talablariga zid ravishda elektr tarmoqlari korxonasi bilan shartnoma rasmiylashtirmagan, umumiy foydalanishdagi elektr energiyasi tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan.

Buning oqibatida tuman elektr tarmoqlari korxonasiga 1 milliard 947 million 567 ming 240 so‘m - (juda ko‘p miqdorda) moddiy zarar yetkazgan.

Sudda Yo.Husayinovning aybi to‘liq o‘z isbotini topdi. Unga sakkiz yil olti oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Shuningdek, sudlanuvchidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi foydasiga 1 milliard 947 million 567 ming 240 so‘m undirilishi belgilandi.

Bir jinoyat ishi — yerto‘ladagi fabrika voqeasi shu tariqa yakun topdi.

Noqonuniy qilmish, ertami-kech, baribir oshkor bo‘ladi. Qonun talabiga rioya etish esa nafaqat obro‘-e’tibor olib keladi, balki yuz yorug‘ligi, ko‘ngil xotirjamligini ham ta’minlaydi.

Jonibek Raupov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tumani sudi raisi.