Sog‘liqni saqlash vaziri Ishtixonda: Hududda nimalar o‘zgaradi?

Shu yil 7 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida birlamchi bo‘g‘inda tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan yangi tizim joriy etilishi va Ishtixon tumani bu borada pilot hududga aylantirilishi belgilangan edi.
Shundan kelib chiqib, Ishtixon tumanida mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov boshchiligida muloqot o‘tkazildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti kafedra mudirlari, barcha tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari va oilaviy poliklinika bosh shifokorlari ishtirok etdi.
Dastlab vazir yangi tizimni amalga oshirishga doir muhim vazifalar xususida so‘z yuritdi.
- Birlamchi bo‘g‘inda ishlarni to‘g‘ri tashkil etmay turib, kasalliklarni erta aniqlash va ularning oldini olish qiyin, — dedi A. Xudayarov. - Shu bois davlatimiz rahbari bu borada oldimizga katta vazifalar qo‘ydi. Uning ijrosini yangi tizim asosida Ishtixonda amalga oshiramiz. Keyinchalik bu tajriba qolgan tumanlarda ham joriy etiladi.
Ta’kidlanganidek, bugun Ishtixon boshqa hududlar orasida qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha ortda qolmoqda. Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatidan aholi rozi emas. Shu bois, avvalo, yangi tizim asosida tumandagi birlamchi tizim muassasalarining moddiy-texnik bazasi, tibbiy jihozlar ta’minoti hamda bino va inshootlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilib, o‘rganish natijalariga asosan mavjud kamchiliklar bartaraf etiladi.
Shuningdek, tumandagi 62 ta mahallada yashovchi qariyb 282 ming nafar aholi xatlov qilinib, “mahalla profili” shakllantiriladi.
So‘ng 3-18 yoshli o‘g‘il-qizlar onkogematologik, fertil yoshidagi ayollar perinatal hamda bachadon bo‘yni saratoni, 40 va undan katta yoshdagi aholi kardiologik hamda qandli diabet skriningidan o‘tkazilib, har bir mahallaga Samarqand davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari viloyat filiallari va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari biriktiriladi.
Zarur hollarda Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi mobil mammograf va oftalmologik komplekslar aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlariga jalb qilinadi.
Yig‘ilishda I va II guruhga mansub aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, zararli odatlarga qarshi kurashish, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xonadonma-xonadon yurib, individual tarzda ishlash, har bir mahallada “Salomatlik maktablari”ni shakllantirish yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.
III va IV guruhga kirgan bemorlarning esa tuman, viloyat, respublika darajasida salomatligini tiklash, ular uchun alohida sog‘lomlashtirish rejasini ishlab chiqish, oilaviy poliklinikalarda eng ko‘p uchrayotgan xastaliklar bo‘yicha “bemor marshruti”ni joriy qilish belgilandi.
Qolaversa, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi bo‘yicha tumandagi har bir sog‘liqni saqlash muassasasi rahbari o‘z hududining toza va ozoda bo‘lishi, odamlar uchun qulay sanitariya-gigiyena sharoiti yaratishga mas’ul ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, har bir xonadon kiraverishi hamda oshxona va hojatxona oldida qo‘l yuvish uchun sharoit yaratish, mahalla, kollej, texnikum, maktab va bog‘chalarda “Toza qo‘llar” dasturini amalga oshirish yuzasidan tegishli rahbarlarga zarur topshiriqlar berildi.
Shuningdek, yig‘ilishda sohani raqamlashtirish, onalik va bolalalikni muhofaza qilish, tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish kabi qator masalalar muhokama qilinib, ularning ijrosini jadallashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.