Viloyat SSB: Nurobodda og‘ir vaziyatda qolgan chaqaloq nazoratga olingan

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, Nurobod tumanida hojatxonada tug‘ilgan chaqaloqning salomatligini tiklash masalasi boshqarma nazoratiga olingan.
Viloyat tibbiyot muassasasidan chaqaloqlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislar Nurobod markaziy shifoxonasiga yuborilib, chaqaloqning salomatligi tekshirilgan. Chaqaloqni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish maqsadida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining chaqaloqlar bo‘limiga olib kelingan.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev chaqaloqning holidan xabar olib, tibbiy xizmat bo‘yicha zarur tavsiyalarni bergan.
Ta’kidlanishicha, hozirda chaqaloqning ahvoli qoniqarli va tibbiy davolash standartlari asosida zarur muolajalar davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda "Nurobodning olis qishlog‘ida hojatxonada tug‘ilgan chaqaloq hayotini profilaktika inspektorlari asrab qolishdi", mazmunida xabarlar tarqalgan edi. Aytilishicha, sog‘lig‘i yomonlashib, qishloq vrachlik punktiga kelgan ayol farzandini dunyoga keltirgan. Ikki soat davomida chuqurlikda qolib ketgan chaqaloqni ichki ishlar xodimlari qutqarib qolgan.