Nuroboddagi Xayron shayx qabristonidan sirli quduq topildi
Uni mutaxassislar o‘rganadimi?
Xabar berganimizdek, pastdarg‘omlik o‘qituvchi Akmal Xamrayev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Bir gumbaz ostidamiz” aksiyasi doirasida tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va qadamjolar atroflariga turli daraxt urug‘larini ekmoqda.
U Nurobod tumanidagi bir qator ziyoratgohlar atrofida archa, o‘rik, na’matak, bodom urug‘larini yerga qadash jarayonida tumandagi Xayron shayx qabristoni o‘rtasidagi tepalikda quduqqa o‘xshagan chuqurlikka duch keldi.
– Ehtiyotkorlik bilan qarasam, chuqurlik ichida yon tomonlarga ketgan yo‘laklar ko‘rindi, – deydi Akmal Xamrayev. – Ushbu maskanda bir paytlar koriz yoki dushmandan yashirin chiqish (lahm) yo‘li bo‘lgandir. “Xayron” arabchada “xayr” ezgulik, yaxshilik ma’nosini anglatadi. Manbalarga ko‘ra, Husayniy Sayyidzoda Abdulloh Madaniy Andijoniy 1391 yilda Madinadan Andijonga ko‘chib kelgan. “Xayron Valiy” laqabi bilan tanilgan mazkur shaxs Farg‘ona vodiysida tarqalgan aksariyat sayyidlarning ajdodi sanaladi. Bu yer o‘sha mashhur shaxs nomi bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin. Qabriston ichidagi eski masjiddan qolgan ustunlarda esa Haydar yozuvi bor. Buni mutaxassislar o‘rganib, aniq xulosa bersa yaxshi bo‘lardi.