Loyihalar amalga oshmadi, bahona - tajribasizlikmi?

Nurobod viloyatimizdagi hududi jihatidan eng katta tuman hisoblanadi. 39 ta mahallada 166 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladigan tumanda ishsizlik 4,8 foizni va kambag‘allik 9,1 foizni tashkil etadi.
Tumanda sanoat ishlab chiqarish hajmi 103,8 milliard so‘m bilan viloyatdagi ulushi 1 foizni va o‘rni bo‘yicha 14-o‘rinni egallaydi. Bu esa tumanda sanoat, ishlab chiqarish, bandlikni ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli emasligini anglatadi.
Prezidentimizning 2024 yil 20 dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Farmonga asosan 2025 yilda “Zarbdor tajribasi” asosida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida “drayver” loyihalar shakllantirilib, mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun infratuzilma ob’yektlarini qurish va ta’mirlash hamda obodonlashtirish ishlari bo‘yicha tasdiqlangan takliflar, manzilli ro‘yxatlar tuman (shahar) kengashiga ma’qullash uchun kiritilgan. Xalq deputatlari Nurobod tumani Kengashining 2025 yil 6 martdagi qarori hamda tuman hokimligining taklifiga asosan 1-bosqichda 4 ta loyiha uchun respublika byudjetidan 3,4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Jumladan, tumanning Nurbuloq shaharchasida bo‘sh turgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 2,8 gektar yer maydonini zarur infratuzilma bilan ta’minlash va lotlarga bo‘lgan holda auksion savdolariga chiqarish orqali sanoat markazi tashkil etish ko‘zda tutilgan. Buning uchun 300 metr elektr tarmog‘i tortish (36 million so‘m), 1 ta transformator o‘rnatish (40 million so‘m), 300 metr yo‘lni asfaltlash (100 million so‘m), 1 ta tik quduq o‘rnatish (150 million so‘m), 1 ta suv inshooti qurish (300 million so‘m), 500 metr ichimlik suvi tarmog‘i tortish (50 million so‘m) belgilangan.
“Zarbdor tajribasi” asosidagi ushbu drayver loyihaga respublika byudjetidan 676 million so‘m mablag‘ ajratilgan. 2025 yil dakabr oyida ishga tushirilishi belgilangan loyiha doirasida 60 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va byudjetga qo‘shimcha 2,9 milliard so‘m soliq tushumi tushishi kerak edi. Biroq loyihani ishga tushirish u yoqda tursin, hozirgacha auksion orqali sotilishi ham ta’minlanmagan. Nega?
- Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha drayver loyihalarga Nurbuloq mahallasidan 2,8 gektar yer maydoni kiritilib, 12 ta lotga bo‘lingan holda bir oy oldin auksion savdolariga chiqarilgan, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Ibragimov. – Shundan bitta lotni Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi tadbirkor Xitoydan skuter, mototsikllar uchun yig‘uv sexi tashkil etish maqsadida xarid qilgan va hozirda loyihalash ishlari olib borilmoqda. Qolgan 11 ta lot uch marta auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lsa-da, sotilmadi. Dastlab, ushbu yerlarni tumandagi ishlab chiqaruvchilarga sotib olishni taklif etgandik. Endi esa viloyat miqyosida tadbirkorlarga shu taklifni bildiryapmiz. Hozirda yer maydoni 12 ta lotga bo‘lingan holda xaritalari o‘sha joyga ilib qo‘yilgan va tuman hokimligining ijtimoiy tarmoq sahifalarida e’lonlar berib boryapmiz.
Biz auksionda sotilishi belgilangan manzilda bo‘lganimizda yerlar lotlarga bo‘linmagan, qarovsiz tikonzorga duch keldik. Qolaversa, hech qanday stend qilib ilib qo‘yilgan xaritani ham ko‘rmadik. Aksincha, yo‘l bo‘yidagi chiqindixonaning badbo‘yligidan bu yerga kelgan xaridor ham uzoqlashadi.
“Zarbdor tajribasi” asosida yerlarni auksionga chiqarish va loyihalarni joylashtirish uchun yil boshida harakat boshlangan. Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori ham joriy yil 6 martda chiqqan bo‘lsa, nega yerlar endi auksionga chiqarildi? R.Ibragimovning aytishicha, bunga yetarli tajriba bo‘lmagani sabab bo‘lgan.
- Nurbuloq shaharchasida 32 ta sanatoriya bor va ularga kuniga besh mingdan ortiq davolanuvchilar kelib ketadi, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari. - Canatoriyalarga oziq-ovqat sanoati ishlab chiqarishni tashkil qilish maqsadida o‘sha joy tanlangandi. Bu joyga kommunikatsiya, infratuzilma yaqin bo‘lgani uchun ko‘p mablag‘ talab qilinmasligi sababli tanlangan. Hududning tutash qismida temiryo‘l o‘tgan, 300 metr masofada elektr stansiyasi joylashgan, 200 metrda katta yo‘l joylashgan. Yerlarni auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha birinchi yil shug‘ullayotganimiz uchun hujjatlarni tayyorlashda katta vaqtni boy berdik. Barcha hujjatlar tayyor bo‘lgach, bir oy oldin yerlarni savdoga chiqardik.
Bundan tashqari, Nurdum mahallasida bo‘sh turgan 79 gektar lalmikor yer maydoni auksionda sotildi va endilikda suv chiqarish ishlari boshlanmoqda. Sarikul mahallasidan o‘tuvchi A-378 (Samarqand-Qarshi) avtomagistral yo‘lining 10 gektar yer maydonini zarur infratuzilma bilan ta’minlab, yo‘lbo‘yida savdo va xizmat ko‘rsatish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Hozirda 19 ta lotdan 18 tasi sotilgan va 8 ta lotda qurilish, yer tekislash ishlari boshlandi. Chortut mahallasida 2,5 gektar bo‘sh turgan lalmi yer maydonini zarur infratuzilma bilan ta’minlash va auksionga chiqarish orqali turizm, aholi dam olish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini tashkil etish bo‘yicha auksionga 8 ta lot belgilangan. Hududda o‘zboshimchalik bilan oldindan egallab olingan yerlar qonuniylashtirilib, shundan 4 tasi ishga tushirildi, qolganlari bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.