Joylarda tezkor chaqiruv “SOS” tugmachali zamonaviy qurilmalar o‘rnatilmoqda

“Xavfsiz hudud – xavfsiz mahalla” tamoyili asosida viloyatimizda jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va xavfsiz muhitni yaratish maqsadida qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlatimiz rahbarining shu yil 3 yanvardagi qaroriga ko‘ra, viloyatdagi kriminogen vaziyat og‘ir mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt aniqlash, oldini olish, vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla faollari va profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, mahallalar hududiga kirish, chiqish yo‘llarida hamda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalarida kuzatuv kameralari, shaxsni identifikatsiya qiluvchi qurilmalar o‘rnatildi.
Barcha qo‘riqlash bo‘limlarining texnik qo‘riqlash markazi xodimlari tomonidan qizil toifadagi mahallalar, aholi gavjum joylarda fuqarolarga qo‘riqlash xizmatidan foydalanish va uning afzalliklari to‘g‘risida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi. O‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari natijasida fuqarolar o‘z xonadoni va mol-mulkini qo‘riqlash xizmatiga ishonib topshirmoqda.
Fuqarolarning murojaatlariga ko‘ra, texnik qo‘riqlash markazi xodimlari tomonidan aholi xonadonlari texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlanmoqda. Xususan, o‘tgan yil qo‘riqlanayotgan jismoniy shaxslarning xonadonlari soni 1 ming 47 tani tashkil etgan bo‘lsa, shu yilning sentyabr oyiga kelib, bu ko‘rsatkich 2 ming 529 taga yetdi. Texnik qo‘riqqa olingan ob’yektlar soni esa 4 ming 812 tadan 8 ming 908 taga ko‘paydi.
O‘tgan yil iyul oyidan viloyatdagi ko‘p qavatli uylarning kirish yo‘laklari va aholi gavjum joylarda ilk bor “SOS” tashvish tugmalari o‘rnatilishi boshlangan bo‘lib, hozirga qadar bunday qurilmalar soni 130 taga yetdi. Shuningdek, viloyatdagi dehqon va buyum bozorlari, tarixiy obe’ktlar hamda savdo komplekslari hududida o‘rnatilgan tezkor chaqiruv tashvish tugmasi, fuqarolarning murojaatini qabul qilish, aholi gavjum joylarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarni jilovlashga qaratilgan samarali mexanizm bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, tarixiy obidalar va turizm maskanlarida mahalliy va xorijlik sayyohlarga qulaylik yaratish, ularning murojaatlari va duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolariga yechim topish maqsadida “SOS” tugmachali zamonaviy ustunlar o‘rnatilmoqda.
Ushbu ustunlar xozirga qadar Samarqand shahridagi Registon maydoni, Bibixonim, Amir Temur, Hazrati Xizr majmualari hamda Siyob dehqon bozori hududida o‘rnatilgan bo‘lib, kunduzi va tunda ham ko‘rinib turadigan miltillovchi mayoqcha, favqulodda “SOS” tugmasi hamda nosozliklarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan servis tugmalari bilan jihozlangan.
Joriy yilning to‘qqiz oyiida qo‘riqlanayotgan obe’kt va hududlarda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 1 ming 132 nafar shaxs ushlangan bo‘lib, ma’muriy huquqbuzarliklardan olingan moddiy-tovar boyliklarining umumiy miqdori 37 million so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Bundan tashqari, qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan 67 ta jinoyat ochildi va oldi olindi.
Umumta’lim maktablari, kafe-barlar, savdo obe’ktlari, ko‘p qavatli turar joylarning kirish yo‘laklari va boshqa qo‘riqqa olingan obe’ktlarda o‘rnatilgan tashvish tugmasi orqali kelib tushgan xabarlar soni 940 tani tashkil etadi. Tashvish xabari orqali tezkor harakatlanuvchi guruhlar chaqirilishi natijasida 205 ta jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olindi.
Rahim NOMOZOV,
viloyat qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik.