Kitob – kelajakka sarmoya: yangi jamg‘arma nima beradi?
Bugun kitob haqida gapirish oddiy mavzu emas. Chunki kitob — bu shunchaki qog‘oz va siyoh emas, balki millatning tafakkuri, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi.
Shu ma’noda, Prezidentimizning 2026 yil 15 yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shunchaki navbatdagi hujjat emas. Bu jamiyatni ma’naviy jihatdan uyg‘otishga qaratilgan, aniq maqsad va aniq mexanizmlarga ega qaror. Uning asosiy g‘oyasi oddiy, lekin juda muhim: kitob o‘qiydigan inson — ongli fuqaro, ongli fuqaro esa taraqqiyotning tayanchi.
Qarorda 2026–2030 yillar uchun ulkan, ammo hayotiy maqsad qo‘yildi — har bir fuqaro yiliga o‘rtacha 10 ta kitob o‘qishi kerak. Bu raqam qog‘ozda oddiy ko‘rinishi mumkin, ammo uning ortida jamiyat tafakkurini o‘zgartirish, yoshlarni telefondan kitobga burish, ma’naviy bo‘shliqning oldini olish kabi katta vazifalar turibdi. Eng muhimi, davlat buni faqat targ‘ibot bilan emas, amaliy qadamlar bilan ta’minlamoqda.
Ana shunday amaliy qadamlardan biri — Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilishi bo‘ldi. Bu jamg‘arma kitob haqidagi gaplarni shiordan chiqarib, real qo‘llab-quvvatlashga aylantiradi. Yosh yozuvchilar, ayniqsa bolalar adabiyoti yo‘nalishida ijod qilayotgan mualliflar uchun grantlar ajratilishi, asarlarining nashr etilishi, bu - iste’dod e’tiborsiz qolmasligining yaqqol isboti.
Bundan tashqari, tanlov orqali saralangan iste’dodli mualliflarga bir yilgacha har oy BHMning 50 baravari miqdorida haq to‘lanishi belgilandi. Bu qaror ijodkorga “tirikchilik uchun emas, ijod uchun yoz” degan ishonchni beradi. Chunki haqiqiy adabiyot xotirjam tafakkurdan tug‘iladi.
Yana bir muhim jihat — tarjima masalasi. Eng sara xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga, milliy asarlarimizni esa xorijiy tillarga tarjima qilish va chop etish xarajatlarining katta qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu o‘zbek kitobxoni uchun dunyo adabiyotiga keng eshik ochsa, milliy adabiyotimiz uchun xalqaro maydonga chiqish imkoniyatini yaratadi.
Mazkur qaror kitobni jamiyat markaziga olib chiqmoqda. Kitob — tarbiya, kitob — tafakkur, kitob — kelajak ekani ta’kidlanmoqda. Zero, bilimga kiritilgan har bir sarmoya — O‘zbekistonning ertangi kuniga qo‘yilgan ishonchli poydevordir.
Zebiniso Yusupova,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.