Payariqliklarning puli ko‘paymoqda. Odamlar hayotida nima o‘zgaradi?
* Byudjet tushumlari ko‘payadi. Payariqdagi bu yangilik nima hisobidan bo‘ladi?
* Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman. Bunday maqom uchun qancha mablag‘ sarflanyapti?
* Mahalliy byudjet tushumlari asosan qaysi maqsadlarda ishlatiladi?
Payariq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari shu va shu kabi masalalarda zarnews.uz ga quyidagilarni gapirib berdi:
- 2026 yil uchun Payariq tumani mahalliy byudjet daromadlari prognozi 181,3 mlrd. so‘mga belgilanmoqda, - deydi Shohrux Eshonqulov. - Jumladan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining o‘sishi, ish o‘rinlarining legalizatsiya qilish hisobiga 59,4 mlrd. so‘m bo‘lishi, foyda solig‘i bo‘yicha tushumlar esa 4,9 milliard so‘m bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Mahalliy byudjet xarajatlari 2026 yil uchun 181,3 mlrd. so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda.
Bunda, mahalliy byudjet xarajatlarining 45,5 foizi yoki 82,6 mlrd. so‘mi ijtimoiy soha xarajatlariga yo‘naltirilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan maktabgacha va maktab ta’limini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini amaliyotga joriy etish va ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, kelgusi yilda ta’lim sohasiga 60.1 mlrd. so‘m yoki jami mahalliy byudjet xarajatlarining 33,1 foizi yo‘naltirilmoqda.
