Anjirni issiqxonada yetishtirsa bo‘ladi(mi?)
Shu kunlarda Samarqand viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi boshchiligida Payariq va Qo‘shrabot tumanlari hokimlari va tadbirkorlar Xitoy Xalq Respublikasining Shensi provinsiyasida bo‘lib turibdi.
Sentyabr oyi boshida yurtimizga tashrif buyurgan Shensi provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Chjao Ide bilan muzokara chog‘ida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Shensi provinsiyasining kambag‘allikni qisqartirish, sanoatni rivojlantirish borasida tajribasini Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida joriy etgan holda ishbilarmon doira vakillarini manfaatli hamkorlikka chaqirgan edi.
Ana shu tashabbusni ro‘yobga chiqarish maqsadida ayni paytda mazkur ikki tuman rahbarlari va tadbirkorlar xitoylik hamkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Jumladan, samarqandliklar Yangling shahridagi “Aqlli qishloq xo‘jaligi parki”da bo‘lib, “aqlli issiqxona" va urug‘chilikka mo‘ljallangan korxona faoliyatini kuzatdi.
Bu yerda sabzavot va poliz ekinlaridan tashqari, mevali daraxtlarning ham issiqxona sharoitida parvarishlanayotgani e’tiborni tortdi.
– Issiqxonada hatto anjirgacha yetishtirilayotgan ekan – deydi Payariq tumani hokimi I.Jabborov. – Shuningdek, urug‘chilik borasida ham xitoyliklardan o‘rgansak arzigulik tajibalar bor. Bu borada muhim kelishuvlarga erishdik. “Aqlli qishloq xo‘jaligi parki" IT texnologiyalari asosida boshqarilar ekan.
Safar davomida ikkila tuman vakillari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shensilik ishbilarmonlar bilan kelishuvlarga erishmoqda.