Mahallalar rivoji yo‘lida navbatdagi qadam - Payariqda uchta yangi bino ochildi

Payariq tumanining Nakurt, Oqtosh va Choshtepa mahallalarida yangidan bunyod etilgan zamonaviy mahalla binolari foydalanishga topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i I.Jabborov hamda Payariq tumani hokimi Sh.Xudoyberdiyev ishtirok etib, mahalla faollari va aholini ushbu quvonchli voqea bilan tabrikladi.
Shu kunga qadar mazkur mahallalarda alohida ma’muriy binolar mavjud emas edi. Shu bois mahalla yettiligi a’zolari fuqarolar murojaatlarini qabul qilish, yig‘ilishlar o‘tkazish va xizmat faoliyatini tashkil etish uchun turli bo‘sh binolardan foydalanib kelgan. Endi esa ular barcha zarur sharoitlarga ega, zamonaviy talablar asosida qurilgan yangi binolarda faoliyat yuritib, aholi murojaatlarini yanada tezkor va samarali hal etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Loyihani amalga oshirish uchun viloyat mahalliy byudjeti hisobidan uchta mahallaga jami 600 million so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, mahallalarning 10 foizlik jamg‘armasi mablag‘lari ham yo‘naltirildi. Qurilish ishlarining qolgan qismi esa hashar yo‘li bilan amalga oshirildi.