Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla qanday bo‘ladi?
2026 yilda viloyatimizning 32 ta mahallasiga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” maqomi berilib, mahallalarning har biriga 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi belgilangan. Bu orqali ushbu mahallalar aholining yaxshi yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga xizmat qiluvchi namunali maskanga aylantiriladi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi viloyat boshqarmasi mas’uli Yusufjon Salimovning ta’kidlashicha, viloyatimizdagi shahar va tuman hokimliklaridagi “Islohotlar shtabi” a’zolari hamkorligida Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla sifatida viloyat bo‘yicha 50 ta mahalla ro‘yxati shakllantirilgan.

— Davlatimiz rahbarining “Alohida tuman va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tutash mahallalarni bog‘lovchi markaz vazifasini bajaradigan, yirik avtomobil yo‘llari yoki chegara hududlariga yaqin joylashgan, aholisi zich va ko‘p, infratuzilmasi tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar zarur bo‘lgan hududlar tanlab olindi, — deydi Y.Salimov. — Shuningdek, mahallalarda savdo, servis va kichik ishlab chiqarish ob’yektlarining mavjudligi, bo‘sh yer maydonlari yoki davlat mulki inshootlarining bo‘lishi, hunarmandchilik, xizmat ko‘rsatish va mikrosanoat markazlarini tashkil etish imkoniyatlari ham hisobga olingan. Bundan tashqari, shahar va tuman hokimlari tashabbusi bilan yana 18 ta og‘ir toifadagi mahalla tanlanib, Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahallalar soni 50 ta etib belgilandi.
Hozirda ushbu mahallalarning muammolari, infratuzilmasi bilan bog‘liq ehtiyojlari o‘rganilib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha loyiha va dasturlar ishlab chiqilmoqda. Ayni shu jarayon bilan tanishish maqsadida Bulung‘ur tumanida bo‘ldik.

O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Bulung‘ur tumani bo‘limi boshlig‘i Hasan Egamberdiyevning ma’lum qilishicha, Prezident qaroriga asosan tumanning Kildon va Zarafshon hamda tuman hokimi tashabbusi bilan Oqtepa mahallalari Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla sifatida tanlanib, ularni “Taraqqiyot va yetakchilik” maskaniga aylantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan.
— Tuman “Islohotlar shtabi” xodimlari hamkorligida 49 ta mahallaning infratuzilmasi, ishsizlik darajasi va iqtisodiy imkoniyatlarini tahlil qilib, qarorda belgilangan talablar asosida uchta mahalla ro‘yxati shakllantirildi va har biriga 5 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltirildi, — deydi H.Egamberdiyev. — Jumladan, to‘rt mahalla markazida joylashgan Kildon mahallasida yangi mahalla binosi qurish, ichki yo‘llarni asfaltlash, piyoda va salomatlik yo‘laklarini barpo etish, elektr, ichimlik va sug‘orish suv tarmoqlarini yaxshilash, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirish, o‘quv markazlari va sanoat zonalari tashkil etish rejalashtirilgan. Shu kabi loyihalar tumanning Zarafshon va Oqtepa mahallalarida ham amalga oshiriladi va ayni paytda ishlar boshlangan. Loyihaning asosiy maqsadi tanlangan mahallalar va ularga qo‘shni hududlarda aholini ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni kamaytirish va mavjud imkoniyatlardan foydalanib, tadbirkorlikni rivojlantirishdir.
Tumanning Oqtepa mahallasi tumanlararo yo‘l bo‘yida joylashgan bo‘lib, Zarafshon, Qo‘ng‘irot, Gulobod, Kaptarxona, Mingchinor va Qirqshodi mahallalari uchun markaz vazifasini o‘tamoqda. Bu hududda o‘ndan ortiq tadbirkorlik sub’yekti, dehqon, buyum va chorva bozorlari, shuningdek, turli xizmat ko‘rsatish nuqtalari faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, mahalladagi uchta yirik bozorga nafaqat Bulung‘ur, balki qo‘shni Jomboy tumanidan ham aholi keladi. Bu esa mahalla aholisiga tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, qishloq xo‘jaligi va sabzavot mahsulotlari yetishtirish va sotish orqali daromad topish imkoniyatini oshirmoqda.
— Hududda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini kengaytirish uchun bo‘sh binolar va maydonlar yetarli, — deydi Oqtepa mahallasi raisi Muzrof Umarov. — Tumanimiz hokimining tashabbusi bilan mahallamiz “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” sifatida tanlanib, 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Ushbu loyiha doirasida savdo va servis, IT va o‘quv markazlari, kafe-restoran hamda go‘zallik salonlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi, salomatlik yo‘laklari tashkil etilishi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilishi va ichki yo‘llarga asfalt yotqizilishi rejalashtirilgan. Eng muhimi, mazkur loyihalar amalga oshirilishi natijasida hududda tadbirkorlik salohiyati oshadi, yuzdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratiladi, tumanning o‘nga yaqin mahallasidagi 28 ming aholiga zamonaviy va qulay xizmatlar ko‘rsatiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.