Xatlov bo‘yicha mahalla mas’ullari o‘quvi boshlandi

Samarqandda O‘zbekiston mahallalari uyushmasining hududiy boshqarmalari, tuman va shahar bo‘limlari mas’ul xodimlari uchun “Mahalla yettiligi” tomonidan uyma-uy yurish orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy holatni aks ettiruvchi ko‘rsatkichlarni shakllantirish maqsadida o‘tkaziladigan “xatlov” tadbiri bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev so‘zga chiqib, “yettilik” a’zolari oldida turgan vazifalar hamda ushbu seminarni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad xususida ma’lumot berdi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, “Mahalla yettiligi” tomonidan mahallaning ichki resurslarini aniqlash hamda  uyma-uy yurish orqali ijtimoiy-iqtisodiy holatni aks ettiruvchi ko‘rsatkichlarni shakllantirish maqsadida joriy yil 10-25 dekabr kunlari “Xatlov” tadbirini o‘tkazish rejalashtirilgani qayd etildi. Bu xatlov 2026 yilda o‘tkaziladigan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishda o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi.

O‘quv-seminarda “Unicon-soft” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilari “Mahalla yettiligi” tomonidan xatlov o‘tkazishning mazmun-mohiyati hamda tashkil qilish tartibi, yangi namunadagi “Mahalla balansi” ko‘rsatkichlari tahlili va ma’lumotlarni shakllantirish bosqichlari to‘g‘risida tushuncha berdi.

Ishtirokchilarga “Raqamli mahalla” platformasida joriy etilgan modullar hamda vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan ma’lumotlar, “Mahalla balansi”dagi mavjud ko‘rsatkichlarini “Raqamli mahalla” platformasi orqali to‘liq raqamlashtirish mexanizmlari, platformada joriy etilgan “Davomat” va “Ijtimoiy murojaat” modullari, mahalla raisi tomonidan muammoli masalalarni yo‘naltirish, “yettilik” a’zolari hisobotini eshitish tartibi tushuntirildi. Bundan tashqari, “Raqamli mahalla” platformasining mobil ilovasi orqali fuqarodan kelib tushgan murojaatni yo‘naltirish va ma’lumotlarini tizimga kiritish tartibi, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish hamda aholi turmush farovonligini yanada oshirishda “Ombor daftari”ning ahamiyati va uni yuritish tartibi kabi muhim masalalar kun tartibidan joy oldi.

“Xatlov” tadbiri davomida “Mahalla yettiligi” tomonidan jamlanadigan ma’lumotlar bo‘yicha “Mahalla balansi” muhim hisoblanib, ushbu balans o‘zida mahalla haqida umumiy ma’lumotlar, ya’ni bunda mahalla tashkil topgan yil, umumiy yer maydoni, ixtisoslashuvi, qo‘shni davlatlar bilan chegara uzunligi, tarkibidagi qishloqlar, ko‘cha, xonadon, oilalar soni, tomorqasi bor xonadonlar, shuningdek, demografik ko‘rsatkichlar, aholining etnik tarkibi, ijtimoiy holati, bandlik, ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar kabi muhim yo‘nalishlarni jamlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, respublika bo‘yicha barcha mahallalar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar jamlanadi hamda mahallaga aloqador bo‘lgan har qanday axborotni tez va oson aniqlash imkoni yaratiladi.

Ikki kun davom etgan o‘quv-seminarining ikkinchi kunida Samarqand shahridagi Charmgari mahalla “yettiligi” faoliyati va tizimda olib borilayotgan ishlar, tajribalari bilan yaqindan tanishildi. Shuningdek, Bulung‘ur tumanidagi Fozil Yo‘ldosh mahallasi misolida “Ombor daftari”ni yuritish, “Mahalla balansi”ni shakllantirish hamda “Raqamli mahalla” platformasini yuritish tartibi amaliy jarayonlarda ko‘rsatib beriladi.