O‘zbekiston mahallalar uyushmasi raisi samarqandlik yoshlar bilan uchrashdi
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Respublika ishchi guruhining hududlardagi o‘rganishlari davom etmoqda.
Bugun Respublika ishchi guruhi rahbari, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev viloyatimiz yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Echrashuvda yoshlarni qiynayotgan muammolar, ularning taklif va tashabbuslari tinglandi. Qahramon Quronboyev har bir masalaga alohida e’tibor qaratib, ularni amaliy hal etish bo‘yicha tegishli taklif va topshiriqlarni bildirdi.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan mahallada zamonaviy kutubxona tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu taklifga befarq bo‘lmagan Qahramon Quronboyev Maroqand mahallasiga borib, hudud infratuzilmasini joyida o‘rgandi hamda kutubxona tashkil etish imkoniyatlarini ko‘zdan kechirdi.
Mahalla yettiligi va faollari bilan o‘tkazilgan muloqotda esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mahalladagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda yoshlar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur o‘rganishlar mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.