Samarqandda ilk bor: tibbiyot chiqindilaridan issiqlik energiyasi olinadi

Mazkur jarayon respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialida amalga oshiriladi.

Shu kunlarda filial qoshida «Sayar LLG” kompaniyasi tomonidan tibbiyot chiqindilarini termik qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona qurib bitkazildi. Loyiha asosida mavjud 450 metr kvadrat yer maydonida qayta ishlashga ixtisoslashgan asosiy uskunalar o‘rnatildi.

- Mazkur korxona respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialidagi hamda Samarqand shahri, Urgut va Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot muassasalaridan chiqadigan tibbiyot chiqindilarini qayta ishlash quvvatiga ega, - deydi markaz axborot xizmati rahbari Abduvali Xudoyorov. – Korxona to‘la quvvat bilan ishlaganda soatiga 300 kilogramm tibbiyot chiqindilari qayta ishlanadi. Chiqindilarni qayta ishlash natijasida olinadigan issiqlik manbai avvaliga filialni issiqlik bilan ta’minlash uchun qo‘llaniladi. Keyinchalik mazkur energiya Qorasuv massividagi aholi yashash punktlariga shartnoma asosida berilishi ham ko‘zda tutilgan.

Aytish kerakki, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash  maqsadida tashkil etilmoqda. Ushbu qaror ijrosiga ko‘ra tibbiyot chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilish orqali atrof-muhit va aholi salomatligiga yetkaziladigan salbiy ta’sirni kamaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tibbiyot chiqindilarini qayta ishlash yo‘li bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va yashil energetika ulushini oshirish rejalashtirilmoqda. Tibbiy chiqindilarni yoqish orqali muqobil issiqlik ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatish hamda tariflarni tartibga solish mexanizmlarini belgilash yo‘lga qo‘yiladi.

Shu kabi inshootlar Toshkent shahri va Buxoro viloyatida ham qurilishi nazarda tutilgan.

Gulruh Mo‘minova.