Ajrimning eng og‘ir yukini ko‘tarayotgan bolalar

Oilalar ajrashib ketilayotgani haqida ko‘p aytildi, yozildi. Uning oqibatlari, sabablari haqida o‘qiyapmiz, kuzatamiz. Lekin ota-onasi bo‘la turib, yetim qolayotgan farzandlarning taqdiri nima bo‘ladi? Ularning qalbida qanaqa his-tuyg‘ular bor?

Afsuski, hech kim ularning fikri bilan qiziqmaydi. Keling, shu yuzasidan ayrim qahramonlarimizning qalbiga quloq tutamiz. Ularning bu boradagi ichki tug‘yonlari qanaqa?

Dadam bilan qo‘shnimiz

Hamma dadasi bilan birga yashasa, biz dadam bilan qo‘shnimiz. Hayron qolyapsizmi? Ota-onam bolaligimda ajrashib ketishgan. Men buvimning uyida katta bo‘ldim. Onam qo‘shnisiga turmushga chiqqan, ya’ni dadamga. Dadam bizdan uch hovli narida yashaydi. Hozirda dadamning boshqa oilasi bor, ikkinchi oilasidan qiz, o‘g‘il farzandlari bor. Men dadamning yagona o‘g‘liman. Doim ostona hatlab ko‘chaga chiqsam, eng birinchi chap tomonga qarayman, chunki dadamning uyi o‘sha tomonda. Mashinasini ko‘rsam umid bilan qarab turaman, dadam chiqarmikan deb. Gohida ancha kutaman, lekin ko‘rish nasib qilmaydi. Har zamon chiqib qolsalar, menga ko‘zi tushganda boshini silkitib qo‘yadi, so‘ng mashinasiga o‘tirib, yonimdan o‘tayotganda yana boshini silkitib qo‘yadi. O‘sha vaqtdagi quvonchimni ta’riflab berolmayman. Keyingi uchrashuvni intiqlik bilan kutaman. Dadamning ishdan kelishini kutib ko‘chaga chiqaman, agar ishdan ertaroq kelsalar yonimdan o‘tishida boshini silkitib qo‘yadi va uyiga borganda mashinadan tushishlari bilan yana boshini silkitib qo‘yadilar. Mashinasidan to‘la paketlarni olib uyiga kirib ketadilar. Farzandlariga narsa olib kelgandir, men ham bolasiman-ku, deb o‘ksinib qo‘yaman. Ertalab dadamni ikkinchi xotini ishga kuzatib qo‘yganda, qaniydi shu ayolning o‘rnida meni onam bo‘lsaydi, deb xayol qilaman.

Bir safar isitma qilganimda onam dadamdan mashinasida shifoxonaga olib borishini iltimos qilgan. Dadam ilojim yo‘q, qizimning majlisiga borishim kerak deb rad etgan. Dadam meni maktabdagi bironta majlisimga bormagan, doim onam boradilar. Maktabda ko‘ngilsiz voqea bo‘lsa ham onam boradilar. Do‘stlarimning otalari kelib farzandi tarafini olib to‘polon qilishadi, kamina aybsiz aybdor bo‘lib qolaveradi. Shunaqa vaziyatlarni dadamning o‘rni rosa bilinadi, qaniydi meni ham dadam kelib himoya qilsa deyman.

Ayrim do‘stlarimning ota-onasi meni ota-onam kabi ajrashishgan. Lekin har dam olish kuni dadasi kelib o‘z uyiga olib ketar ekan. Dadasi bilan birga aylanishga chiqishar, birga ovqatlanishar, bir-ikki kecha dadasining uyida mehmon bo‘lar ekan. Dushanba kuni dadasi maktabga olib kelib qo‘yadi. Do‘stim boshqacha kayfiyatda xursand bo‘lib keladi. Kun bo‘yi quvonib dadasi bilan birga o‘tkazgan vaqtini gapirib beradi, kelasi dam olish kunini intizor bo‘lib kuta boshlaydi. O‘sha vaqtlari do‘stimga juda ham xavas qilaman. Qaniydi men ham dadam bilan to‘yib-to‘yib suhbatlashsam, axir meni yuragimda dadamga ayta olmagan 15 yillik gaplar yotibdi. O‘ylab qolaman, agar qo‘shni bo‘lmaganimizda, dadam meni uylariga olib ketarmidi?

“Men hammadan kuchli qizman, ota-onamsiz ham o‘zimni eplab yuribman”

Yosh bo‘lishimga qaramasdan, g‘am-qayg‘u nimaligini bildim. Ota-onasizlik tuyg‘usini 7 yoshimda his qila boshladim. Maktabga ilk qadam qo‘ygan kunim edi. Atrof juda qo‘rqinchli, hamma bolalar ota-onasi bilan kelgan, bir-birlarining qo‘llaridan mahkam ushlab olishgan. Men esa yolg‘iz edim, yonimda ota-onam yo‘q.

Hayotimning eng unutilmas kunida yonimda bo‘lmagani uchun dadam bilan ayamdan xafa bo‘ldim. Ular juda ko‘p janjallashib qolar, shunday paytlarda o‘zimni qayoqqa urishni bilmasdim. Biroq men ularni juda yaxshi ko‘rardim. Oradan vaqt o‘tdi, men ulg‘aya boshladim. Buvimlarnikiga, ayamning onasining uyiga tez-tez ketib qolardik, negadir. Avvaliga nega bunday bo‘layotganini tushunmasdim. Keyin bildim. Bir kuni ayam: «Qizim, katta qiz bo‘lib qolding, bilasanmi senga buni aytishim lozim, biz dadang bilan ajrashdik», dedi. Kun bo‘yi yig‘ladim. Nahotki, endi dadamni har kuni ko‘ra olmasam, deb. Endi bir uyda yashamasak, birga ovqatlanmasak.

Men oilamiz qachonlardir tiklanishiga ishonardim, umid qilardim. Lekin xammasi boshqacha bo‘lib ketdi. Men ota-onamning faxri bo‘lishga astoydil harakat qilardim.

Bir kuni yana bir noxush xabar eshitdim. Dadang uylanibdi, deb aytishdi. Qaniydi, qulog‘im eshitmasa, bilmasam edi. Tonggacha yig‘lab chiqdim. Endi dadam bizni buvimnikidan olib ketmaydi. Nahotki bizdan shunchalik tez voz kechdi. Darslardan sovub ketdim, tomog‘imdan ovqat o‘tmay qoldi. Onam ham bu dardga chidolmadi, shekilli, meni buvimga tashlab, chet davlatga ishlagani ketdi. Dadam mening hamma narsam edi, men go‘yo bir bo‘lagimdan ayrilgandek edim. Dadamga bo‘lgan hurmatim, tuyg‘ularim, sevgim hammasi nafratga aylandi.

Oradan bir yil o‘tdi, dadam qizli bo‘libdi deb eshitdim. Endi dadamning yagona, erka qizi emasdim. O‘sha yili dadam tug‘ilgan kunimga kelmagan edi. Nega kelmaganining sababini bilgandek edim. Menga dadamning kelib tabriklashi, dadajonimni ko‘rishim har qanday sovg‘adan afzal edi. Dadam bilan o‘tkazgan har lahza men uchun unutilmas onlar edi. Tug‘ilgan kunim yaqinlashgan sari o‘sha kunni intiq bo‘lib kutardim. Chunki o‘sha kun dadam bilan birga ko‘proq vaqt o‘tkazardim. Lekin, afsus, o‘sha yili kelmadi...

Maktab tadbirlarida faol qatnashganimda, faxriy yorliq bilan taqdirlanganimda xamma tengdoshlarimniki kabi mening ham ota-onam yonimda turishini juda xohlagandim. Ammo ular hatto gapimni oxirigacha eshitmagan vaqtlar ham bo‘lgan. Onam musofir yurtda. Tengqurlarimga faxriy yorliq topshirilganda onalarining oldiga yugurib borishardi. Ular farzandlarini quchoqlab tabriklashardi. Men qo‘limga faxriy yorliq olganimda kimning yoniga borishni bilmasdim, katta zaldan ayam bilan dadamni izlardim. Barcha tadbirlarda ota-onamsiz o‘zim qatnashdim.

Otasizlikka ko‘nikdim. Ammo dadamning mehriga juda muhtoj bo‘laman. Shunday vaziyatlar bo‘ladi, meni xafa qilganlarni dadamga aytgim keladi. Singan bo‘lsam-da, yuragim siniqlarini olib yo‘limda davom etdim. Men o‘zim uchun eng matonatli, kuchli qizman, sababi, mening yoshimdagi qizlarning ayalari sochlarini o‘rib maktabga yuborayotgan vaqtda, men sochimni o‘rib, nonushtamni tayyorlab o‘zim maktabga borardim. Taqdirimga shular yozilgan ekan, nima ham qilardim. Eng muhimi, ular hayot. Men bilan doimo birga bo‘lolmasa-da dadam bor.

 

Onam kulgisi

Esimni taniganimdan buyon dadamning ichmagan kuni yo‘q. Oilada ikki farzandmiz - akam va men.Bolaligimda dadam uyga ichib kelsalar, biz akam bilan qo‘rqib bekinib olardik. Oyimning yig‘laganlarini eshitib battar qo‘rqardik. Ertalab buvimnikiga borardik, bobom bilan buvim ayamga doim nasihat qilar, ikki kundan so‘ng bizni uyimizga o‘zlari olib kelib qo‘yardilar. Bizga qolsa buvimni uyi yaxshi edi, u yerda xohlagan narsamizni yer edik, faqat kulib o‘ynab yurardik, u yerda hech kim urishmas edi.

Dadamning topgani ichishidan ortmagani uchun, amakim onamga ish topib berdi. Onam ishga kirgach, moliyaviy ahvolimiz ancha o‘zgardi, lekin dadam ichib kelib urush qilishni hech kanda qilmas edi. Onam bobomlarnikiga ketib qolar, ajrashaman desa buvim ko‘nmas, sabr qil, deb bizni yana o‘z uyimizga olib kelib qo‘yardi. Bir safar uyimizda katta janjal bo‘ldi, shu voqeadan so‘ng onam ijaraga uy topib, bizni olib chiqib ketdi.

Boshida onam bizga ko‘rsatmay ko‘p yig‘lardi. Biz ham dadamizni rosa sog‘inardik. Lekin oldingi hayotimizdan ancha yaxshi edi. Tog‘am bizni o‘z uyiga olib ketish uchun ko‘p harakat qildi. Lekin onam bormadi, chunki buvim yana uyimizga olib borishidan qo‘rqardi. Dadam yashash manzilimizni topib bizni ko‘rgani tez-tez kelib turardi. Olti oylardan so‘ng bobom bilan tog‘am kelib bizni o‘z uylariga olib ketishdi. Akam maktabni tugatib, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirdi, biz ham yangi uy olib ko‘chib chiqdik. Ayam qiyin bo‘lsa ham ikki joyda ishlardi. Akam o‘qishni tugatib ishlamoqda. Biz endi ulg‘ayib qolganimiz uchun akam bilan dadamni ko‘rgani o‘zimiz borib turamiz. Onam shuncha qiynalsa-da, hech qachon dadam haqida bizga yomon gapirmaganlar. Aksincha, yaxshi fazilatlarini aytib, bizda mehr uyg‘otishga harakat qilardilar. “Agar ichkilikni tashlasa edi, dadang bilan yashardik, sizlarning otasiz o‘sishlaringni istamasdim”, deydilar doim.

14 yoshimda ilk bora “dada” dedim

Aytishlaricha, ota-onam chaqaloqligimda ajrashib ketishgan. 7 yoshligimda ayam meni xolamga tashlab, chet elga ishlash uchun ketgan. Onam bilan doim uyali aloqa orqali gaplashib turaman. O‘tgan yili to‘satdan xolam vafot etdi. O‘zimni hayotda yolg‘iz his qila boshladim. Xolam menga ham ota, ham ona bo‘lgan ekan. Ko‘ngli yarim bo‘lib voyaga yetdim. Dadam bilan ayamni sog‘inardim, lekin buni sira xolamga sezdirmaganman. Bolaligimdan dadam bilan tanishishga qiziqqanman. Doim xayolan u kishi bilan gaplashardim.

Yaqinda dadamni izlab topdim. Dadam meni iliq kutib oldilar. Uchrashuvdan rosa quvondim. Eng muhimi, endi meni ham dadam bor, menda suratlari bor, har-har zamon suhbatlashib turamiz. 14 yoshimda ilk bora “dada” degan so‘zni ishlatdim, yuragim hapqirib, o‘zimni baxtiyor his qildim.

Bir kuni maktabda do‘stim bilan gap talashib qoldik. U “Mening suyanadigan ota-onam bor, sening kiming bor, seni ota-onang tashlab ketgan-ku”, dedi.

Ota-onam tashlab ketsa, mening aybim nima? Onam butunlay tashlab ketmagan, tez orada qaytadi chet eldan. Men ham ota-onam bo‘lishini istaganman, men ham boshqa bolalar singari aya, dada, degan so‘zlarni aytgim kelgan.

***

P/s. Mazkur voqealarning barchasi real bolalar tilidan yozib olindi. Ularning birortasida mubolag‘a, badiiy to‘qima ishlatilmagan. Ba’zi bolalar hatto ism-familiyamni, qayerda o‘qishimni ham ko‘rsating, deb iltimos qilishdi. Ammo ularning yurak og‘riqlari bayon etilgan fikrlarga ism-shariflarini qo‘yish joiz deb bilmadik.

Munisa Shamsiyeva.