Baraka miqdorda emas, mehnat va sifatda

Ishtixon tumani Qoraqishloq mahallasidagi “Sho‘yxontepa uzumlari” fermer xo‘jaligida ayni kunlarda uzum yig‘im-terimi qizg‘in davom etyapti.



Xo‘jalikda yildan-yilga hosildorlikni oshirish bilan birga, yetishtirilayotgan mahsulot sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilyapti.
– Xo‘jaligimiz bundan 12 yil avval tashkil etilgan, – deydi fermer xo‘jaligi raisi Farhod Eshmurodov. – Hozir 45 gektar uzumzorimiz bor. Yer maydonlari mahallamizdagi 52 ta oilaga yillik shartnoma asosida ijaraga berilgan. Ular bu yerda uzumning turli navlarini yetishtirib, oilasi daromadini ta’minlayapti. Ayniqsa, ishsiz yoshlarga yer ajratilishi ular uchun katta imkoniyat bo‘ldi.
Fermerning ta’kidlashicha, xo‘jalikda uzum yetishtirishda asosiy e’tibor ko‘p hosil olishga emas, balki sifatli va bozorbop mahsulot yetishtirishga qaratilgan.

– Masalan, “Gigant” navi serdaromadligi bilan ajralib turadi. Bir boshi kamida uch kilogramm keladi. Tokda boshlar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin ularning barchasini qoldirmaymiz. Ortiqcha boshlarni siyraklashtirib, o‘simlikning kuchini sifatli hosilga yo‘naltiramiz. Chunki biz uchun hosilning miqdoridan ko‘ra sifati muhim. Sifatli yetishtirilgan bir kilogramm mayizni 350–400 ming so‘mdan sotish imkoni bor. Shuning uchun “ko‘p bo‘lsa bo‘ldi” degan qarashdan ko‘ra, kamroq bo‘lsa ham, sifatli va xaridorgir mahsulot olishga harakat qilamiz, - deydi F. Eshmurodov.
Bu yilgi hosil ham xo‘jalik ahlini quvontirmoqda. Bunga, avvalo, uzumzorlarda yangi agrotexnologiyalarni qo‘llash sabab bo‘lyapti.

– Keyingi yillarda toklarni beton ustunlar va simlar yordamida ko‘tarib yetishtirish usuliga o‘tdik. Bu usulning afzalliklari ko‘p ekan. Tok yer bag‘rida yotib qolmaydi, havo yaxshi aylanadi, quyosh nuri mevaga bir tekis tushadi. Sug‘orish paytida ham uzum boshlari yerga tegib, namlikda qolmaydi, natijada chirish va kasallanish xavfi kamayadi. Hosilni parvarishlash, toklarga ishlov berish va yig‘ib-terib olish ham ancha qulaylashadi.
Bundan tashqari, toklarni tik holatda ko‘tarib yetishtirish usuli uzumzorda mehnat unumdorligini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Toklarni kesish, novdalarni tartibga solish, hosilni kuzatish va terim jarayonini tashkil etish yengillashadi.

– Avval toklarni yerga yaqin holda parvarishlash birmuncha qiyin edi. Hozir esa toklar balandroq va tartibli o‘sadi. Hosil ham ko‘zga yaqqol tashlanadi. Shu sababli mahallamizdagi ko‘pchilik dehqonlar bu usulning qulayliklarini ko‘rib, o‘z uzumzorlarida ham qo‘llayapti, – deydi fermer.
Yerdan samarali foydalanish, ayniqsa, yoshlar uchun yangi daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda. Shunday yoshlardan biri – Mashrab Mahmudov.

– Shu fermer xo‘jaligidan 40 sotix yerni ijaraga olganman, – deydi u. – Yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, 17 million so‘m imtiyozli kredit oldim va beton ustunlar hamda simlardan iborat tok ko‘tarish tizimini o‘rnatdim. Buning natijasida toklarni parvarishlash ancha osonlashdi. Hosil ham o‘tgan yilgiga qaraganda yaxshi. O‘tgan yili 70 million so‘m daromad olgan bo‘lsam, bu yil 100 million so‘m atrofida daromad olishni kutyapman.

Qoraqishloq mahallasidagi tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, yerdan unumli foydalanish – faqat ko‘proq hosil olish emas. Asosiy maqsad – sifatli, bozorgir va yuqori daromad keltiradigan mahsulot yetishtirish. Uzumzorlarda zamonaviy usullarning keng joriy etilishi esa dehqon mehnatini yengillashtirib, hosildorlik va daromadni oshirishga xizmat qilmoqda. Demak, baraka miqdorda emas, avvalo, mehnat va sifatda.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.