Payariqda tomorqachilik klasteri faoliyat boshladi
“Tomorqa Emalach Servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi ushbu tomorqachilik klasteri tumandagi Gulzor mahallasi hududida tashkil etildi.
Klasterning ilk ish faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi o‘rinbosari Sh.Teshayev, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddilari, tuman hokimligi hamda soha vakillari ishtirok etdi. Unda keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga, xususan, tomorqachilikni rivojlantirish, undan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida ushbu tomorqachilik klasterining mavjud imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi. Ma’lum qilinishicha, klaster aholiga ko‘chatchilik issiqxonasi tashkil etish, texnika parkidan foydalanish, yuk saqlash omborxonasi, sovutkichli omborxona, urug‘, ko‘chat, o‘g‘it, kimyoviy vositalar do‘koni kabi 12 ta yo‘nalish bo‘yicha tomorqa xizmatlarini ko‘rsatadi.