Dunyoning eng yaxshi pasportlari reytingi e’lon qilindi. 2026 yilda kim yetakchi?

Arton Capital dunyoning eng kuchli pasportlari – Global Passport Power Rank -2026  reytingini e’lon qildi.

 Reytingdagi pasportlar “kuch”i ularning vizasiz sayohat qilish imtiyozlari va manzilga yetib kelganda viza olish imkoniyatini o‘z ichiga olgan harakatchanlik ko‘rsatkichi bilan belgilanadi. Ko‘rsatkichlar qanchalik baland bo‘lsa, pasport egasining global mobilligi ham shunchalik yuqori bo‘ladi.

Ayni paytda reytingda 103 ta pozitsiya mavjud. Biroq, bir necha mamlakatlar ballar soni (mobillik ko‘rsatkichi) bir xil bo‘lishi, ya’ni bir nechta davlatlar va hududlar bir xil o‘rinni egallab turgan bo‘lishi mumkin.

So‘zsiz yetakchi Birlashgan Arab Amirliklari pasportining harakatlilik indeksi – 179 ballga ega.

Ikkinchi o‘rinda Singapur (175) va Ispaniya (175) davlatlari, uchinchi o‘rinni esa 174 ball bilan Belgiya, Fransiya, Shvetsiya, Germaniya, Niderlandiya, Finlandiya, Lyuksemburg, Italiya, Daniya, Portugaliya, Shveysariya, Gretsiya, Avstriya, Malayziya, Norvegiya, Irlandiya, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi jami 18 ta mamlakatlar egallab turibdi.

Yaxshi pasportga ega deb topilgan Polsha va Latviya davlatlariga to‘rtinchi o‘rin berildi.

Ro‘yxatning eng quyi pog‘onalarida Afg‘oniston, Suriya va Iroq davlatlari turadi.

Reyting tuzuvchilar shuningdek, Litva davlati 5, Gruziya 33, Rossiya 41, Qozog‘iston 60 va Qirg‘iziston 73-o‘rinni egallashini aniqlab olishdi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.