Na politsiya bor, na avtomashina: Futbol maydoni hajmidagi orolda kimlar yashaydi?

Santa-Krus-del-Islote orolida 200 ta oila istiqomat qiladi. Karib dengizidagi bu 2,4 gektarlik yerda ekin yetishtirish uchun joy, politsiya va zamonaviy kanalizatsiya tizimi yo‘q, biroq aholi zichligi har kvadrat metrga Nyu-Yorkdagi Manxettendan ham yuqori, deya xabar beradi Express nashri.

Dastlab baliqchilar XIX asrda dengiz yaqinida uzoqroq qolish uchun boy dengiz hayoti bilan o‘ralgan marjon rifining kichik qismidagi quruqlikda muvaqqat uylar qurgan. Keyinchalik Kolumbiya qirg‘oqlari yaqinidagi eng yaxshi joylashuvdan mamnun bo‘lgan orol aholisi asta-sekin futbol maydonidan ham kichikroq yerni doimiy yashash joyiga aylantirdi.

Hozirda Santa-Krus-del-Isloteda 200 ta oila istiqomat qiladi, u yerda yashovchi odamlarning taxminiy soni 1 minggacha yetadi.

Orolga kelgan bloger Ruhi Chenet shunday deydi:

 - Bu yerda har kim xohlagan joyida uy quradi. Mabodo o‘ziga yoqqan joyda bo‘sh yer topilmasa, o‘z uyini mavjud binolarning ustiga joylantiradi.

Bu yerda hech qanday oilani rejalashtirish yo‘q va har bir qarich yer o‘sib borayotgan aholi soniga mos ravishda qurilgan bir-biriga bog‘langan uylar bilan band.

Qolaversa, orol deb ataladigan joyda kanalizatsiya tizimi yo‘q, shuning uchun chiqindilarni dengizga tashlashga to‘g‘ri keladi, elektr energiyasi ham tez-tez uzilib qoladi. Bundan tashqari, baliq ovlashdan boshqa qishloq xo‘jaligi imkoniyatlari yo‘qligi sababli, ko‘plab aholi qo‘shni Mukura orolida turizm sohasida ish izlaydi.

Oziq-ovqat yetishtirish uchun joy cheklanganligi sababli Kolumbiya floti hudud aholisiga har ikki-uch haftada bir marotaba oziq-ovqat yetkazib beradi.

Ish o‘rinlari va infratuzilma yo‘qligiga qaramay, orolda jinoyatlar deyarli yo‘q, politsiyaga ham ehtiyoj yo‘q va bu yerdagi odamlar boshqa joyda yashashni istashmaydi, — qo‘shimcha qiladi Express.

Hajmiga qaramay, bu yerda maktab, cherkov, klinika va hatto mehmonxona uchun yetarli joy mavjud. Bundan tashqari, mashinalar yoki mototsikllar yo‘q, chunki orolning bir chetidan ikkinchi chetiga piyoda borish uchun ikki, ko‘pi bilan uch-to‘rt daqiqa vaqt kerak bo‘ladi.

- Men bu yerda hammani taniyman, hamma esa meni taniydi. Bizda hech qanday jinoyat yo‘q, odamlar bir-biri bilan juda yaxshi munosabatda tinch-totuv yashab kelishadi, - deydi 42 yoshli mahalliy fuqaro.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.