Farzandlarga birovning haqidan qo‘rqishni o‘rgatsak...

Turkiyaga qilgan navbatdagi sayohatim chog‘ida o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqea ushbuni yozishga undadi. Bursa viloyati Kestel tumanida ko‘rganim sizga ibrat bo‘lishi mumkin.

Har kuni ertalab 5–6 chaqirim piyoda yurish kundalik odatimga aylangan. Kestel tumani qirliklarda joylashgani bois bu yerdagi yo‘llar chiniqmagan odamni ham holdan toydiradi. Qiyalikdan tepaga chiqish, tepadan pastga tushish murakkab mashg‘ulot. Ammo ko‘p yillardan buyon piyoda yurish bilan shug‘ullanib kelayotganim uchun bu menga qiyinchilik tug‘dirmaydi. Hatto shaxsiy rekordim bor - 2023 yil 28 iyunda Makka shahrida salkam 29 kilometr masofani piyoda bosib o‘tganman.

Ertalabki sayrni qilib, qaytishda, soat 8:00 atrofida non olishga qaror qildim. Odatda Turkiyada do‘konlar soat 9:00 dan ochiladi.

Novvoyxona mashinalari do‘konlarga issiq nonlarni sanitariya qoidalariga rioya qilib, plyonka bilan o‘ralgan plastmassa idishlarda keltirib, eshik yoniga taxlab qo‘yadi. Keyin eshikka sellofan paket (suvqog‘oz) ilib ketishadi.

Mahalliy aholi har bir non turining narxini yaxshi biladi. Kimga qanday non kerak bo‘lsa, uni olib, pulini shu paketga solib qo‘yadi. Do‘kon egasi kelguncha nonlarning katta qismi shu tariqa sotilib, puli paketda turadi. Men ham ko‘pchilik qatori o‘zimga kerakli nonni olib, pulini paketga tashladim.

Meni hayratda qoldirgan joyi shu bo‘ldi, hech kim do‘kondorning haqiga xiyonat qilmadi - na kam pul tashladi, na nonni bepul olib ketdi. Bir paket to‘la pul ko‘chada, ochiq-oydin, nazoratsiz turibdi. Lekin hech kim unga qayrilib qaramadi.

To‘g‘risi, odamlarning bu qadar halolligi, birovning haqini yeyishdan chin dildan qo‘rqishiga havas qildim.

O‘ylab qoldim, agar bizning yurtimizda shunday holatni ijtimoiy kuzatuv (eksperiment) sifatida sinab ko‘rilsa, qanday natija beraradi? Balki, bir kun kelajakda o‘zimizning mahallalarimizda ham shunday ishonch va halollik muhitini yarata olarmiz. Chunki halollik - bu faqat turkiyaliklarga xos emas, insoniy fazilat. Uni tarbiyalash, o‘rgatish va jamiyatda mustahkamlash mumkin.

Agar biz o‘zimizdan boshlasak, halol bo‘lish, birovning haqiga ko‘z tikishdan qo‘rqishni farzandlarimizga o‘rgatsak, kelajakda bizda ham shunday paket ilib qo‘yish odatiy holga aylanishi mumkin.

Shuhrat RAJABOV,

Payariq shahri.