Pistachilik Nurobodning yangi drayveri bo‘ladi

Pista qurg‘oqchilik va sovuqqa juda chidamli bo‘lgan ko‘p yillik daraxt yoki buta hisoblanadi. Sekin o‘sadi, lekin uzoq umr ko‘radi.

Issiqsevar, qurg‘oqchilikka chidamli va serhosil bu daraxt ayrim manbalarda 40 daraja issiq va sovuqqa chidashi va ming yilgacha yashashi mumkinligi qayd etilgan. Uning mevasi yuqori diyetik xususiyatga ega bo‘lib, tarkibida 49-60 foiz moy, 15-20 foiz oqsil va 3-8 foiz qand mavjud. To‘g‘ri parvarish bilan gektariga 5-6 tonnagacha yuqori sifatli hosil beradi.

Pista o‘stirish dastlab 1937 yilda Bobotog‘ tizmasida boshlangan bo‘lsa, hozirda  O‘zbekistonda tabiiy holda deyarli barcha tog‘ tizmalarida uchraydi. Viloyatimizda Kattaqo‘rg‘on suv ombori atroflarida katta maydonlarda pistazorlar tashkil etilgan. Respublikada urug‘idan ekib o‘stirilgan pistazorlar yil sayin ortib bormoqda. O‘zbekiston o‘rmonchilik ilmiy tadqiqot institutida pistaning 10 ga yaqin navi yaratilgan, 30 dan ortiq pista navlari kolleksiyasi barpo etilgan.

Yuqorida sanab o‘tilganidek pista qurg‘oqchilikka, issiq, sovuqqa chidamli, ko‘p yillik va yuqori daromadli, eksportbop o‘simlik. Bu jihatlar hozirgi suv tanqisligi kuchayayotgan agrar sohada eksport barqarorligini ta’minlash muhim bo‘lgan vaziyatda eng maqbul o‘simlik hisoblanadi.

Shu bois Prezident Administratsiyasining 2026 yil 3 fevraldagi yig‘ilishida Nurobod tumanida pista yetishtirish loyihasini ishlab chiqish, tuman hududidagi davlat zaxira yerlaridan samarali foydalanish, degradatsiyaga uchrayotgan yerlarni yaxshilash uchun pista plantatsiyalari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi tomonidan joylarda pistazorlar tashkil etish ishlari boshlab yuborildi. Pista plantatsiyalarini tashkil etish ko‘chat ekish jarayonlarida o‘rmon xo‘jaligi, ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va OAV vakillari ishtirok etdi.

-  Topshiriq ijrosi doirasida o‘tgan yili kuzda pista ekish ishlarini boshladik, - deydi Nurobod tumanidagi Saroyqo‘rg‘on davlat o‘rmon xo‘jaligi direktori Ahmadjon Sag‘dullayev. – Buning uchun Nurobod tumani zaxira yerlaridan o‘rmon xo‘jaligimizga 50 ming gektar yer maydoni ajratish belgilangan. 10 yillik dastur doirasida, ya’ni, 2036 yilgacha har yili 5 ming gektardan pista plantatsiyalarini barpo qilish vazifasi qo‘yilgan. Mazkur yirik loyihani amalga oshirish, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun davlat byudjetidan 21 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bunda 50 dona tik quduq, shuncha suv havzalari o‘rnatiladi va hududdagi Po‘latchi, Nurdum, Mash’al va boshqa mahallalardagi kam ta’minlangan oilalardagi 500 dan ortiq ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanadi. Ularga pudrat shartnomasi asosida 5 gektardan 10 gektargacha yer ajratib beriladi. Maydonlarga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan holda topshiriladi. Bugungi kunda viloyatimizdagi 10 ta o‘rmon xo‘jaligining har biri 500 gektardan ekish ishlarini olib bormoqda.

Mutaxassislarning o‘rganishlariga ko‘ra pistani dastlabki uch yilda doimiy ravishda sug‘orish yetarli bo‘ladi, keyin ildizning yerga chuqur kirib borishi hisobiga yerning pastki qatlamidan zarur namlikni oladi va uzoq yillar hosil beradi.

- Lalmi maydonlarda pista plantatsiyalarini barpo etishning samarali ekanligini ilm bilan asoslashga harakat qilyapmiz, - deydi o‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti seleksiya, urug‘chilik va ko‘chatchilik laboratoriyasi mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Bobomurod Eshonqulov. – Tumanning Kattaqo‘rg‘on suv ombori atrofidagi lalmi qir-adirliklarda pistazorlar tashkil etish tarixi deyarli 100 yilni qamrab oladi. 1949 yilda suv ombori qurilgandan so‘ng uning atrofidagi qirg‘oqlarni eroziyadan saqlash uchun pistazorlar baopo etish boshlangan. O‘shanda asosiy vazifa sifatida tuproq yemirilishi, eroziyasining oldini olish bo‘lgan. Hozirda bu daromadli o‘simlik tomchilatib sug‘orish yo‘li bilan adirliklarga ekilib, qiyaliklarda pista plantatsiyalari barpo etilmoqda.

Tumanda joriy yilning bahor mavsumida 252 gektar yerga ko‘chatdan, 290 gektarga urug‘dan jami 542 gektar maydonda pista plantatsiyalari tashkil etildi. Ko‘chatlar tumanlardagi o‘rmon xo‘jaliklarida tayyorlandi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va ulardan samarali foydalanishda samarali hisoblanadi. Agrotexnik talablarga ko‘ra, pista daraxtlari 6-7 yilda hosilga kiradi va 12-yildan yuqori hosildorlikka erishiladi.

Hududdagi Nurdum mahallasidagi 6 qishloqda 1300 xonadonda 6 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi, ularning 70 dan ortig‘i kam ta’minlangan oila hisoblanadi. Rejaga ko‘ra, kam ta’minlangan oilarni ish bilan ta’minlash va doimiy daromadga ega bo‘lishlari uchun dastlab ularga pista maydonlari ajratiladi. Ushbu mahalladagi 400 dan ortiq xonadonda ko‘p yildan buyon pista yetishtirilishi va aholida bu o‘simlik borasida yetarlicha tajriba borligini hisobga olsak, yaqin vaqtda hududda mo‘may daromad manbaiga ega bo‘ladigan yangi drayver yo‘nalish paydo bo‘ladi.

O‘ktam Xudoyberdiyev,

Baxtiyor Mustanov (surat va video).