Nurobodning iqtisodiy o‘sish kaliti

Prezident qarori bilan “Nurobod texnoparki” maxsus sanoat zonasi tashkil etilishi Nurobod aholisi uchun juda muhim hayotiy ahamiyatga ega.
Eng muhim jihatlaridan biri - yangi ish o‘rinlari yaratilishi. Qarorga ko‘ra, 2025-2030 yillarda 5100 ta doimiy ish o‘rni tashkil etiladi. Bu Nurobod tumanida ishsizlik muammosini kamaytirish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlashda muhim qadam.
Albatta, yangi ish joylari orqali aholi daromadi ortadi, bu esa kambag‘allikni kamaytirishga xizmat qiladi, odamlar nafaqat ishli bo‘ladi, balki o‘z hunarini rivojlantirishga imkoniyat topadi. Ish joylari tufayli oilalarning turmush sharoiti yaxshilanadi. Ko‘plab ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida xotin-qizlar uchun yaratilgan ish o‘rinlari ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Texnopark”da zamonaviy texnologiyalar joriy etilishi natijasida yoshlar uchun texnik, muhandislik, menejment va IT sohalarida tajriba orttirish imkoniyatlari paydo bo‘lib, yoshlar uchun rivojlanish makoniga aylanadi.
Investitsiyalar jalb etilishi hududni iqtisodiy jihatdan kuchaytiradi. Savdo, transport, oziq-ovqat, turar joy, maishiy xizmatlar yanada kengayadi, kichik bizneslar uchun keng imkoniyat tug‘iladi.
Hududda zamonaviy yangi texnopark vujudga kelishi elektr, gaz, yo‘l, internet, transport kabi infratuzilmalarni tubdan yangilashga xizmat qiladi. Natijada nurobodliklar uchun turmush sifati yanada yuksaladi.
Nurobod tumani avval turizm yoki sanoat nuqtai nazaridan kam tanilgan hudud bo‘lgan bo‘lsa, endilikda “Nurobod texnoparki” orqali u yangi brendga aylanadi, investitsiya uchun ochiq va jozibali hudud sifatida shakllanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Nurobod texnoparki” tashkil etilishi oddiy qaror emas. Bu nurobodliklar hayotida yangi bosqich, ish o‘rinlari, daromad manbalari, kasb-hunar o‘rganish imkoniyati, hududni modernizatsiya qilish degani.
Lola Sayidova,
partiyaning viloyat kengashi raisi o‘rinbosari