Nurobodni chang-to‘zondan qanday asraymiz?

Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi oqibatida hududlarning cho‘llanish darajasi ortib boryapti. Bu holat ayniqsa, cho‘l va dashtlardan iborat Nurobod tumanida yaqqol sezilmoqda. Ilgari butun yoz oylarida sanoqligina chang-to‘zonli kunlar kuzatilgan bo‘lsa, endi bunday kunlar har oyda o‘n kunlab davom etyapti. Osmondan tuproq va chang yomg‘irdek yog‘moqda.
Bu ayanchli holatni yumshatish, mavjud ekologik vaziyatni yaxshilash borasida na tuman rahbariyatida, na viloyat mutasaddilarida aniq taklif yoki belgilab olingan chora-tadbirlar, tashabbuskorlikni ko‘rmayapmiz.
Nazarimda bunday noxushliklarni bartaraf etish uchun keng ko‘lamli kompleks ishlar belgilanishi lozim. Chang-to‘zonlarni kamaytirish borasida aniq chora-tadbirlar hukumat darajasida belgilanib, qo‘shni Qashqadaryo, Navoiy, Buxoro viloyatlari hududlarini ham qamrab olish maqsadga muvofiq. Sababi bu hududlarda cho‘llanish, o‘simlik degradatsiyasi va tuproq yemirilishi yuqori darajada.
Olimlarning fikricha, yuzaga kelgan ekologik vaziyatni yaxshilash imkoniyatlari mavjud. Ya’ni, O‘zbekistonning turli hududlarida, cho‘lda, dashtda o‘sadigan va turli xususiyatlarga ega o‘simliklar mavjud. Qurg‘oqchilik, sho‘rga chidamli, chorvaga yem bo‘ladigan o‘simliklarimiz ham ko‘p. Shular yordamida vaziyatni yumshatish mumkin. Bu esa avvalo, ilm, keyin esa harakatni talab etadi.
Cho‘l va dasht hududlarda Xitoy tajribasini qo‘llab, “Yashil belbog‘”larni tashkil etish kerak. Nurobod tumanidagi g‘allachilik va chorvachilik fermer xo‘jaliklarining 10-20 foiz yerlarida chang-to‘zonni ushlab qoluvchi, suvsizlikka chidamli saksovul, yulg‘un, shuvoq ekiladigan o‘ziga xos yashil maydonlar tashkil etilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Buning uchun fermer va chorva xo‘jaliklariga subsidiya ajratilishi lozim.
Nurobodga “Innovatsion tuman” maqomi berilgan ekan, mutasaddilar bu kabi g‘oya va takliflarni inobatga oladi, degan umiddamiz. Aks holda tuman, qolaversa, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hududidan ko‘tarilgan changning boshqa manzillarga yetib borish ko‘lami kengayaveradi.
Xolmurod SORIEV.