Kashfiyoti hayotiga zomin bo‘lgan ixtirochilar
Ixtirochilar ko‘pincha umum manfaat uchun ishlaydi. Kimdir mol-mulkidan, ba’zilari bo‘sh vaqtidan, boshqalari esa salomatligidan voz kechadi. Quyida keltirilgan ixtirochi olimlar hayotini ilm-fan yo‘lida qurbon qilganlardir.
Aleksandr Bogdanov

Insonning qarish jarayonini o‘zgartirish g‘oyasi bilan yashagan rus shifokori, faylasuf, iqtisodchi, fantast yozuvchi va olim. Afsuski, uning tajribalaridan biri fojiali yakunlandi.
Qon quyish tajribasi orqali inson organizmining qarish jarayonini ortga qaytarish mumkin, deb ishongan va bundan oldin 10 marta o‘ziga qon quygan Bogdanov bilmagan holda bezgak va sil kasalligidan aziyat chekkan bemor qonini o‘ziga quydi. Shifokor 1928 yilning 7 aprelida, 54 yoshida vafot etdi.
Genri Uinstenli

Angliyaning Reym-Xed yarim orolidan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan Eddistoun mayog‘ini ixtiro qilgan britaniyalik rassom va muhandis. Genri Uinstenli o‘zi yaratgan konstruksiyaning kuchini shaxsan nazorat qilishga qaror qildi. Muhandis va uning jamoasi mayoq ichida bo‘lgan paytda, dengizda kuchli bo‘ron boshlandi. Afsuski, to‘lqinlar va shamol bosimi ostida qulab tushgan bino sinovga dosh berolmadi va uni sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlarning barchasini, jumladan, Uinstenlining o‘zini ham vayronalar ostida qoldirdi.
Otto Liliyental

Planerizm qiroli, nemis dizayneri va birinchi planer uchuvchisi, 18 ta samolyot tuzilishi muallifi Otto Liliyental o‘zi qurgan planerda havoga chiqqan birinchi odam edi. O‘sha paytda dunyodagi barcha gazetalar uning jasorati haqida yozishgan.
Afsuski, parvozlardan birida u 17 metr balandlikdan yerga quladi. Umurtqa pog‘onasi singan Liliyental ertasi kuni vafot etdi. Uchuvchi o‘limi oldidan quyidagi gaplarni aytgan: “Kichik qurbonliklar ham qilib turish kerak”.
Uilyam Ballok

Matbaa va jurnalistikada inqilob qilgan amerikalik noshir va ixtirochi Uilyam Ballok ikki tomonlama bosib chiqaradigan mashinani patentladi.
Kunlarning birida u bosma stanokni tuzatmoqchi bo‘lib, press g‘ildiragini joyiga qo‘ymoqchi bo‘lganida, mashina detali oyog‘i ustiga tushib ketdi. Biroz vaqt o‘tgach, gangrena boshlandi va ixtirochi juda kech oyog‘ini amputatsiya qilishga rozilik berdi. Oqibatda, Ballok operatsiya stolida vafot etdi.
Mariya Sklodovskaya-Kyuri

Radiy va poloniy kabi ikkita elementni ochgan fizik, kimyogar, ikki karra Nobel mukofoti sovrindori Mariya Sklodovskaya-Kyuri kimyoning yangi bo‘limi - radiologiyaning kashfiyotchisi edi.
Olima zararli nurlanish ta’sirining bevosita natijasi - aplastik anemiyadan vafot etdi. Kyuri uyida, qo‘shimcha xavfsizlik choralarisiz tajriba o‘tkazar, radiofaol izotoplarni cho‘ntagida olib yurar va ularni stol tortmasida saqlardi.
Afsuski, 100 yil oldin yashagan odamlar radioizotoplarning salbiy ta’siri haqida bilishmagan.
B.MUHAMMADIYeVA tayyorladi.