Imom Buxoriy majmuasi - Yangi O‘zbekistonning bebaho ma’naviy durdonasi
Imom Buxoriy majmuasi oddiy me’moriy ob’yekt emas, balki xalqning tarixiy o‘zligini anglash, buyuk ajdodlar merosiga munosib munosabat bildirish va diniy-ma’rifiy qadriyatlarni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan ulkan davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Imom Buxoriy majmuasining bugungi qiyofasi, avvalo, milliy davlatchilikning ma’naviy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilayotgan yangi yondashuv bilan ahamiyatlidir. Chunki Yangi O‘zbekiston g‘oyasi faqat iqtisodiy o‘sish yoki infratuzilma yangilanishi bilan cheklanmaydi. U inson qadrini ulug‘lash, jamiyatning ma’rifiy salohiyatini oshirish va tarixiy ildizlar bilan bog‘liqlikni mustahkamlashni ham nazarda tutadi. Shu ma’noda Imom Buxoriy majmuasi o‘tmish va bugunning tutashgan nuqtasi, ilmiy meros va zamonaviy taraqqiyot uchrashgan maskandir. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 26 avgustdagi tashrifi chog‘ida bu majmua qurilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad Imom Buxoriy bobomizning qadrini yanada yuksaltirish va uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish ekanini ta’kidlaydilar. O‘sha tashrifda majmua “buyuk ma’naviy ustun” bo‘lishi kerakligi qayd etilgani uning ma’nosi faqat ziyorat bilan cheklanmasdan, keng tarbiyaviy va ma’rifiy vazifani ham o‘z zimmasiga olishini ko‘rsatadi.
Hadis ilmi maktabi Imom Buxoriy majmuasi atrofida shakllantirilayotgan ilmiy-ma’rifiy muhitning yana bir muhim bo‘g‘inidir.Majmua faqat me’moriy ko‘rk bilan emas, balki uning bag‘rida shakllanadigan ilmiy maktab, tadqiqot an’anasi va ma’rifiy ta’sir kuchi bilan qimmatli.
Imom Buxoriy majmuasi 2026 yil 20 mart, ayni Ramazon hayiti kuni ochilishi xalqimiz uchun o‘ziga xos Ramazon tuhfasi bo‘ldi. Majmuaning me’moriy va funksional ko‘lami ham uning yangi davr ruhi bilan barpo etilganini ko‘rsatadi. Bu yer faqat ziyoratgoh emas, balki keng jamoatchilik, tadqiqotchilar, yoshlar va xorijiy mehmonlar uchun mo‘ljallangan ma’naviy-ma’rifiy markazdir. Mazkur majmua Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Imom Buxoriy nomi musulmon dunyosidagina emas, jahon ilm-fani tarixida ham yuksak ehtirom bilan tilga olinadi. Shu bois bu alloma nomi bilan bog‘liq majmuaning yangidan barpo etilishi O‘zbekistonning ilmiy-ma’naviy diplomatiyasi uchun ham katta imkoniyat yaratadi.
Majmuaning yana bir muhim jihati – uning jamiyat tarbiyasiga ko‘rsatayotgan ta’siridir. Bugungi globallashuv sharoitida yoshlarning tarixiy xotirasi, ma’naviy immuniteti va ilmga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash juda zarur. Imom Buxoriy majmuasi ana shu ehtiyojga javob beradigan makondir. Chunki bu yerda ziyorat va tafakkur, tarix va bugun, e’tiqod va ma’rifat bir nuqtada jam bo‘ladi. Markaz faoliyatiga oid hujjatlarda elektron kutubxona yaratish, qo‘lyozmalar nusxalarini to‘plash, ko‘p jildlik islom qomusi va madaniy atlaslar tayyorlash, konferensiyalar va seminarlar o‘tkazish kabi vazifalar nazarda tutilgani ham shu maqsadga xizmat qiladi. Ya’ni, majmua jamiyatni faqat hissiy jihatdan emas, ilmiy dalil va ma’rifiy asos bilan tarbiyalash imkonini beradi.
Imom Buxoriy majmuasi atrofida kechayotgan bunyodkorlik ishlarini Yangi O‘zbekistonning islohotlari doirasidan ajratib bo‘lmaydi. Chunki bu maskan inson qadrini ulug‘lash, vijdon erkinligini ta’minlash, ilm-ma’rifatni rivojlantirish, turizm salohiyatini oshirish va hududlar jozibadorligini kuchaytirish singari bir necha yo‘nalish bilan uzviy bog‘langan. Turizmga oid davlat dasturlarida ziyorat ob’yektlari bo‘yicha axborot materiallari, yo‘l ko‘rsatkichlar, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi va targ‘ibot ishlari nazarda tutilgani bu borada amaliy choralar ko‘rilayotganini bildiradi. Boshqacha aytganda, Imom Buxoriy majmuasi nafaqat ma’naviy markaz, balki hududiy rivojlanish, madaniy turizm va xizmatlar iqtisodiyoti uchun ham muhim drayverga aylanmoqda.
Umuman olganda, bugun har qanday odam Imom Buxoriy majmuasiga qarab, Yangi O‘zbekiston qanday davlat bo‘lishni istayotganini anglashi mumkin. Bu – o‘z o‘tmishini ulug‘laydigan, ammo o‘tmish bilan cheklanib qolmaydigan, diniy-ma’rifiy merosni qadrlaydigan, lekin uni zamonaviy ilm, ta’lim va xalqaro hamkorlik bilan boyitadigan, buyuk ajdodlar nomini yod etish bilan kifoyalanmay, ularning ilmiy va axloqiy merosini real taraqqiyot omiliga aylantiradigan davlatdir. Imom Buxoriy majmuasi ana shu ma’noda Yangi O‘zbekistonning bebaho ma’naviy durdonasi, xalqning o‘z ildizlariga tayangan holda kelajak sari dadil intilayotganining yorqin ramzidir. Uning qadri faqat marmar, koshin yoki ulug‘vor me’morchilikda emas, balki u uyg‘otayotgan tafakkurda, mustahkamlayotgan tarixiy xotirada va tarbiyalayotgan ma’naviy mas’uliyatdadir. Shu bois bu majmua haqida so‘z yuritganda, uni faqat Samarqanddagi obida sifatida emas, balki Yangi O‘zbekistonning bebaho ma’naviy durdonasi sifatida baholash to‘g‘ri bo‘ladi.
Husan Jo‘raqulov,
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti professori, falsafa fanlari doktori.