Ichkilik shodlik emas, musibatga yo‘l

Ichkilik iste’moli insoniyat uchun jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. U ba’zan xursandchilik uchun ichilsa-da, shodlikdan ko‘ra ko‘proq musibat keltiradi. Aynan shu illat tufayli ko‘plab odamlar jinoyat sodir etib, o‘z hayotlarini barbod qilmoqdalar.

Buyuk Amerika adibi Jek London bu haqida shunday yozgan: "Ichkilikbozlik — vahshiylik oqibati bo‘lib, qadim va yovvoyi o‘tmishdan boshlab insoniyatni chulg‘ab kelmoqda. U odamlarning eng yaxshi namoyandalarining yostig‘ini quritib, kuchini sovurib, quvvatini qirqib, halokatga uchratib, insoniyatdan mudhish xiroj olib kelmoqda".

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudida bunday huquqbuzarliklar bilan bog‘liq holatlar uchrab turadi. Masalan, 1974 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan, oilali M.K. 2026 yil 7 fevral kuni soat 23:30 larda o‘z boshqaruvidagi “VAZ-2106” rusumli avtomobilni Samarqand tumani parrandachilik fabrikasi mahallasida boshqarib borayotib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilmagan. U svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan X.B. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomobilga borib urilgan.

Oqibatda “Damas”ga 22 328 695 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Tekshiruv davomida M.K. transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan holda va alkogol mastligi holatida avtomobil boshqargani aniqlangan.

Surishtiruv organi tomonidan unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida qonuniy bayonnoma rasmiylashtirildi. Sud majlisida uning aybi o‘zining va jabrlanuvchining ko‘rsatmalari, tushuntirish xatlari hamda boshqa dalillar bilan to‘liq tasdiqlandi.

Shuningdek, huquqbuzar tomonidan yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligi inobatga olinib, sud hukmi bilan M.K. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 133-moddasiga asosan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etildi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravari, ya’ni 16 480 000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Donishmandlardan biri shunday degan: "Ichmaslik — o‘choqqa o‘tin, qozonga go‘sht, dasturxonga non, davlatga daromad, hamyonga pul, tanaga kuch, ustga kiyim-bosh, miyaga aql, oilaga farovonlik baxsh etadi". Shunday ekan, ichkilikbozlik tufayli sodir etilayotgan jinoyatlar va oilalarga yetayotgan zararlarni oqlab bo‘lmaydi. Shu sababli mahalla faollari va huquq-tartibot organlari fuqarolarning turmush tarzi va salomatligiga befarq bo‘lmasliklari, bu illatga qarshi qat’iy kurash olib borishlari zarur.

Farhod Muhammadiyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi sudyasi.