Samarqandda voyaga yetmaganlar jinoyati 40 foizga oshgan — Senat
Senat qo‘mitasi Kriminogen vaziyat og‘ir deb belgilangan 76 ta ta’lim muassasasiga IIB rahbarlarining biriktirilganligidan maktablarning xabardor emasligini ma’lum qilgan.
Joriy yilning 16 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonunning Samarqand viloyatidagi ijrosi yuzasidan olib borilgan o‘rganish natijalari muhokama qilindi.
Joriy yilda 1345 ta “reyd” tadbiri o‘tkazilib, voyaga yetmagan bolalarni nazoratsiz qoldirgan 57 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan. Qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida amalga oshirilgan ishlar bilan birga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida ayrim muammolar mavjudligi aniqlangan.
Jumladan, viloyatda voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etish holati yildan yilga ortib, 2021 yilda 1331 tani, 2022 yilda 3941 tani hamda 2023 yilning 8 oyi davomida esa 3128 tani tashkil etgan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar orasida sodir etilgan jinoyatlar soni ham ortgan. Xususan, 2022 yilning 8 oyi davomida jinoyatlar soni 92 tani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 129 tani tashkil etib, 40 foizga ortgan.
Profilaktik tadbirlar davomida 39 nafar maktab o‘quvchisi pornografik, 58 nafari esa zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi materiallar saqlagani aniqlangan. 2221 nafardan ortiq tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalar bilan profilaktik suhbatlar olib borilib, 1853 nafar o‘quvchining ota-onasiga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan.
Kriminogen vaziyat og‘ir deb belgilangan 76 ta ta’lim muassasasiga IIB rahbarlarining biriktirilganligidan maktablarning xabardor emasligi ushbu tizim amalda ishlamayotganligidan dalolat beradi.
O‘rganish davomida aksariyat ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlariga sababsiz hamda muntazam ravishda qatnashmayotgan voyaga yetmaganlar monitoringini olib borish yo‘lga qo‘yilmagani ham aniqlangan.
Majlis davomida "Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida"gi Qonunni takomillashtirish yuzasidan ham fikrlar bildirildi.
Majlis so‘nggida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining kun tartibidagi masala yuzasidan Qo‘shma qarori qabul qilindi.