Ayol jinoyat sodir etdi. Nega?

Har safar shunday bo‘ladi, savolimga aniq javob ololmayman. “Qanday jinoyat sodir etgandingiz?”, degan savolimni suhbatdoshim go‘yo eshitmaganday, boshqa voqealar haqida gapira boshlaydi.

Bu gaplarni umumiy xulosalaganimda “aslida men aybdor emasdim, falonchi aybdor yoki pismadonchilar aybdor edi, ular meni shu muhitga olib kirishdi, shunga majbur qilishdi....” va hokazo.

Avval savolni to‘g‘ri bera olmayotgandirman, balki ularga boshqacharoq yondashishim kerakdir, degan fikrga bordim. Undan keyin qancha mutaxassislar bilan gaplashdim va bildimki... bu oddiy hol ekan. Ayniqsa, ayol o‘zi sodir etgan jinoyatni boshqaga aytishi juda og‘ir kecharkan.

Ko‘za kunida sinishi bor gap

Galdagi suhbatdoshim ham savollarimga ikkilanibroq javob berdi.

- Bu yerga o‘rgandingizmi?

- Odamzot hamma narsaga o‘rganarkan. Garchi, ilgari bu yerlar haqida boshqacha tasavvur qilgan bo‘lsam ham.

- Qanday tasavvur qilgansiz?

- Faqat men emas, aslida qamoqxona haqida hammaning qarashlari bir xil bizning jamiyatda.

- Qanday?

- Bu yerdagi odamlar filmlarda ko‘rsatilganday vahshiy, dahshatli. Qamoqdan chiqqan odam tamom bo‘lgan, butunlay odamiyligini yo‘qotgan kabi tasavvur bor edi-da. Aslida xato qilishga hammamiz moyilmiz. Nafsning bir daqiqalik qutqusi ham odamlarni qanday ko‘ylarga solmaydi?.. Yoki odamdagi zo‘ravonlik qanday jinoyatlarga yetaklamaydi odamni, deysiz.

- Lekin shu qutqu natijasida uzoq yil ozodlikdan mahrum bo‘lish mumkin... Siz ham bilgansizku, shunday bo‘lishini.

- Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan maqol naqadar topib aytilgan. Noqonuniy dori vositalari sotganman. Ozgina ko‘proq pul ishlab topaman, degan xayolga borganman.

- Lekin bu dorilar taqiqlanganini bilgansizku, qolaversa, zararini ham.

- Men qilmasam boshqalar ham qilib yotibdiku, degan xayol odamga biroz taskin beradi.

- Bu yerda nima bilan o‘zingizni ovutasiz?

- Ayollar manzil koloniyasida kutubxonaga mas’ulman. Ko‘p kitob o‘qiyman. Umuman, bu yerda kitob o‘quvchilar soni ko‘p. Kitoblar ko‘p ayollarning fikrlash tarzini o‘zgartirayotganiga guvoh bo‘lyapman.

Ha, har qanday xatoning oqibati bor, jazosi bor. Afsus, bu yil ham viloyatda xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar avvalgi yildan oshmagan bo‘lsa-da, ammo raqamlar kishini xavotirga soladi. Har oyda o‘rtacha 20-30 nafar ayol jinoyatga qo‘l urmoqda. Bu degani har kuni bitta ayol jinoyatning qaysidir bir turiga sherik.

Firibgarlik oshgan

- Bu yil ham ayollar orasida sodir etilgan jinoyatlardan firibgarlik yuqori o‘rinni egallagan, - deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Nigora Yodgorova. - Lekin ular orasida o‘g‘irlik jinoyati soni keskin oshgan. Ushbu jinoyatni sodir etganlar orasida uni bir necha marta takrorlagan ayollar soni ko‘p. Keyin esa yengil tan jarohati yetkazish holati o‘rin olgan.

Ayollar ishtirokidagi jinoyatlar ko‘proq Samarqand shahrida sodir bo‘lgan. Jomboy, Ishtixon tumanlarida ham bu ko‘rsatkich oshgan. Qolaversa, keyingi yillarda Urgut, Qo‘shrabot, Paxtachi tumanlarining chekka hududlarida istiqomat qilayotgan ayollar tomonidan ham jinoyatlar sodir etilmoqda. Ta’kidlash kerakki, bir paytlar ushbu hududda ayollar ishtirokida huquqbuzarlik deyarli sodir etilmas edi.

Xotin-qizlar orasida jinoyatchilikning oldini olish uchun mahalla faollari bilan hamkorlikda ayollarning muammolari manzilli o‘rganilmoqda. Natijada inspektorlarimiz tomonidan yetti mingga yaqin muammolar aniqlandi, 1375 ta oila ajralish arafasida ekani bilindi. Ularning har biriga mahalla faollari va qator tashkilotlar hamkorligida ko‘mak ko‘rsatildi. Zo‘ravonlikka uchragan jabrdiydalarga himoya orderlari berish davom etmoqda. Bu yil 1261 nafar xotin-qizlarga order berildi, bu o‘tgan yilning mos davrigacha berilgan himoya orderlaridan qariyb uch baravar ko‘pdir. Shuningdek, ilgari sudlangan ayollarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Umuman, jinoyatchilikni kamaytirish uchun ayollar muammolariga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.  

Mutaxassisning fikricha, ayollarni jinoyatga undovchi umumiy faktorlar mavjud emas. Aksar hollarda xotin-qizlar tezroq va oson boyib ketish haqida o‘ylab, jinoyatga qo‘l urmoqda.

Jinoyat qayd etilmagan mahalla

Nurobod tumani Mehnatkash mahallasida bir necha yildan buyon xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik kuzatilmagan. Uch ming 700 nafar aholi istiqomat qiladigan ushbu mahallada 1642 nafar xotin-qiz istiqomat qiladi.

- Oilalardagi muammolarni joyida bartaraf etishga harakat qilamiz, - deydi mahalla xotin-qizlar faoli Xolida Murtazoyeva. – To‘g‘ri, hududda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash muammo, aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Lekin ko‘pchiligining qo‘lida hunari bor. Qolaversa, yaqinda mahallamizga qo‘shni bo‘lgan Oqsoy mahallasi turizm qishlog‘iga aylantirildi. Bu yerda oilaviy mehmon uylari, dam oluvchilar uchun sharoitlar yaratilmoqda. Mahallamiz ahli qo‘shni mahallada ishlab, ro‘zg‘orini tebratmoqda.

Notinch oilalarni doimiy nazoratga olamiz. Shu yil ro‘yxatga to‘rtta shunday oila kiritildi. Ular orasida turli nizolar, kelishmovchiliklar avj olmasligini ta’minlash maqsadida butun mahalla faollari ishlaydi. Shuning uchunmi, bir necha o‘n yillikdan buyon xotin-qizlar orasida jinoyatchilik kuzatilmagan, ajrimlar qayd etilmagan.

Gulruh Mo‘minova.