86 nafar nuroniy “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining shu yil 28 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, turli sohalarda ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan pensiya yoshidagi samarqandlik nuroniylardan bir guruhi  I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Samarqand shahrida ularga ushbu ko‘krak nishonini taqdim etishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev va respublika “Nuroniy” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev ishtirok etib, keyingi yillarda keksa avlod vakillariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik, shunga monand nuroniylarning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar rivoji uchun qo‘shayotgan hissasi haqida gapirdi.

So‘ngra 86 nafar faol nuroniylarga "Mehnat faxriysi" ko‘krak nishoni hamda bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini topshirdi.