Har bir ayol o‘z milliy libosida qadrli
Boqiy shahardagi besh ming qadam, qonunlar bilimdonlari, milliy liboslar ixlosmandlari anjumani hamda modalar namoyishi... Samarqand shahridagi xalqaro turizm markazida turli soha vakillari, ammo faqat xotin-qizlarni jamlangan festival doirasida shu kabi yirik tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Garchi havo 40 daraja issiq atrofida bo‘lishiga qaramay, ushbu festivalga tanlangan to‘g‘ri joy, ya’ni suv bo‘yi, bahavo hududlar ishtirokchilarning barcha tadbirlarda bir kun davomida zavq bilan qatnashishlariga imkon berdi.
Kecha "Ayol -jamiyat ko‘zgusi" shiori ostida o‘tkazilgan festival erta tongdan 5000 ming qadam yurish loyihasi bilan boshlandi. "Boqiy shahar"dan boshlangan sport musobaqalari doirasida velomarafon ham tashkil etildi.
“Siz yangi qonunni bilasizmi?”
Festival doirasida tashkil etilgan viktorina orqali talaba-qizlarning huquqiy bilimlariga baho berildi. Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan va boshqa ko‘ngilli qizlardan tarkib topgan "Adolat", "Haqiqat", "Ishonch", "Qomus" kabi jamoalar qonunchiligimizga oid yangilik va o‘zgarishlardan qanchalik xabardor ekanliklarini savol-javoblar asosida namoyon etishdi.
Viktorina natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin “Ishonch” jamoasiga nasib etdi.
“Milliy liboslar – millat ko‘zgusi”
Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Milliy liboslar – millat ko‘zgusi” mavzusida konferensiya ishida olima ayollar, talaba-yoshlar hamda soha xodimlari ishtirok etdi.
Qulay va bejirim o‘zbekona kiyimlar xalq hunarmandchiligining, qolaversa, ajdodlarimiz zakosining yorqin ifodasi, desak xato bo‘lmaydi, - dedi konferensiyada so‘zga chiqqan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Mukarram Nurmatova.
Milliy liboslarda zamonaviylik va an’anaviylikni ta’minlashga hissa qo‘shayotgan mohir tikuvchi va dizaynerlar faoliyatini ommalashtirish, rag‘batlantirish lozim. Bu masalada tegishli ishlarni amalga oshiryapmiz.
Shuningdek, festival ishtirokchilari “Konigil” turizm qishlog‘ida bo‘lib, tadbirkor ayollar faoliyati bilan tanishdi.
“Yurtimizning lider tadbirkor ayollari” shiori ostida tashkil etilgan press-tur davomida milliy hunarmandchilikning zargarlik, kashtado‘zlik, qog‘oz ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan ayollari o‘zlarining ish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ta’kidlash kerak, ayni vaqtda viloyatimizda 14 ming nafarga yaqin xotin-qiz davlat ro‘yxatidan o‘tib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.
“Milliy liboslarda zamonaviy va an’anaviy qadriyatlar uyg‘unligi”
Samarqand tumanidagi “Konigil” turizm qishlog‘ida o‘tkazilgan shu mavzudagi modalar namoyishida ishtirokchilarga samarqandlik dizayner va tikuvchilar tomonidan milliy matolar asosida yaratilgan liboslar kompozitsiyasi namoyish etildi.
"Ayol - jamiyat ko‘zgusi" mavzusidagi festival doirasida o‘tkazilgan tadbirlar yakunida madaniyat xodimlari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Turli sohalarda yuksak natijalarga erishib kelayotgan faol xotin-qizlarning bir guruhiga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar topshirildi.