Po‘lat Soliyev o‘zbek tarixshunosligi va sharqshunosligiga nechog‘li hissa qo‘shgan?

Professor Po‘lat Soliyevning yozgan kitoblari, ilmiy maqolalari va faktlaridan shu narsani ko‘rish mumkinki, u o‘zbek tarixshunosligi va sharqshunosligida birinchi bo‘lib ilmiy-uslubiy metodologiyaning tekshirish stilistikasini yaratib bergan.
Jadidchi, ma’rifatparvar, o‘tgan asr 30-yillarining eng ko‘zga ko‘ringan tarixchisi P.Soliyev (1882-1937) O‘rta Osiyo xalqlari tarixini boy manbalar - qadimiy qo‘lyozmalar va xorijiy asarlar asosida birinchi bor o‘rganib, X-XIX asrlar hayot tarzi haqida bag‘oyat ilmiy fikrlar berdi, uzoq tarixga ega bo‘lgan tarixshunosligimiz an’analarini birinchi bo‘lib izchillik bilan davom ettirdi. X asrda yashab ijod etgan qomusiy alloma Muhammad Norshohdan boshlangan tariximizga aniqliklar kiritdi.
Olim Markaziy Osiyo tarixshunosligida birinchi bo‘lib «Shajarai turk», «Shajarai tarokima», «Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor», «Tuzuki Temuriy», «Shayboniynoma», «Boburnoma», «Buxoro, Xiva, Rusiya munosabat tarixiyasi», «Jo‘g‘rofiya jamiyati zapiskasi», «Mujamul buldon» singari obidalar, qo‘lyozmalar va hujjatlarni arab, fors, o‘ris va boshqa tillarda o‘qib, ulardan chiqargan puxta ilmiy xulosalar asosida «O‘zbek tarixidan» ruknida «O‘zbeklar ham Temur bolalari», «XIV-XVIII asrlarda iqtisodiy va tujjoriy munosabatlar», «XVIII-XIX asrlarda savdo-iqtisodiy munosabatlar» kabi ilmiy maqolalar yozdi.
1920 yilda to‘plagan ilmiy materiallari negizida «Mang‘itlar saltanati davrida Buxoro o‘lkasi» va «Angliyaning zulmi ostida Hindiston», 1923 yilda «Buxoro tarixi», 1926 yilda «O‘zbekiston ham Tojikiston» singari qator monografiyalarini chop ettirdi.
Bularda Markaziy Osiyo tarixi, Hindiston xalqlarining tarixi, istibdod ostidagi hayot tarzi, madaniyati, iqtisodiyoti muammolarini puxta ilmiy xulosalar bilan yoritib berdi. Atoqli olimning eng katta va muhim xizmatlaridan yana biri, respublikada birinchi bo‘lib SamDU, Pedakademiya qoshida «O‘rta Osiyo tarixi» kafedrasini tashkil etib, uning atrofiga taniqli rus sharqshunos va tarixchilarini jalb etdi. Bular sirasida A.Krasnousov, S.Lyaskovskiy, S.Yujkov, A.Kozirev, M.Fenomenov, A.Makeyev singari professorlar bor edi. Ana shu olimlar kafedra atrofida uyushganligi uchun ham mazkur kafedra Pedakademiya bag‘rida o‘z tarmog‘ini tashkil etgan edi.
Olim bu ilm ahllari bilan respublikaning juda ko‘plab hududlarida ilmiy ekspeditsiyalarda bo‘lib, o‘zi boshchilik qilgan.
Po‘lat Soliyev Hindiston tarixida birinchi bo‘lib, hind olimlari amalga oshirmagan tadqiqotni yaratdi: u o‘sha onlarda Hindistonda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hodisalarni aniq, lo‘nda xulosalangan va tahlil etgan holda, bu yerda hukm surayotgan inglizlar istibdodining ijtimoiy ildizlarini faktlar asosida isbotlab berdiki, bu narsa hind olimlari tomonidan ideallashtirilib ko‘rsatilgan hind-ingliz munosabatlarining yolg‘on, puch va mutelikka muhr etilgan qarashlar ekanligiga bir zarba bo‘lgan edi. Agar aytish joiz bo‘lsa, o‘zbek olimining bunday ilmiy puxta va mantiqan to‘g‘ri tahlil etib bitilgan risolasini Hindistonning atoqli davlat arbobi Javoharlal Neru o‘qiganligi va muallifning fikriga tan berib, qoyil qolganligini aytgani bor haqiqatdir.
Neru 1954 yilda Toshkentga qilgan do‘stlik safarida bu haqda aytgan gaplarini olimning qizi aniq va lo‘nda shunday izohlab beradi: «Po‘lat Soliyev degan professorlaring bo‘lguvchi edi, hozir u qayerda? - deb hazil mutoyiba aralash so‘raydi O‘zbekiston kompartiyasi birinchi kotibidan va so‘zida davom etadi. - Hindiston tarixiga shu olim yangi chizgilar bergan edi deb aytganlari qulog‘im tagida hozir ham jaranglab turadi», - deydi Faridaxonim afsuslangan ohangda.
Ha, bu bor haqiqat. Sho‘ro hukumati ana shunday buyuklarning yostig‘ini quritgan edi. Sho‘ro davrida Nerudek allomaning bunday istehzoli savoli esli-hushli odam uchun o‘limdan ham qattiq edi.
Professorning oliy o‘quv yurtlarida o‘qigan har bir ma’ruzasida tarixiy haqiqat, yangilik barq urib turardi. Shu sababli P.Soliyevda bo‘lgan tabiiy ilmiy isyon, yangicha qarash uning «do‘stlari»ga qo‘l kelardi, uni tegishli tashkilotlarga sotardilar.
«30-yilllarning boshlari bo‘lsa kerak, - deb guvohlik beradi Abdulla Suyumov biz bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida, - Pedakademiya jamoasi orasida «O‘rta Osiyo tarixi haqida mulohazalar» nomida ma’ruza qildi. Ma’ruza o‘ta mazmunli, munozaralarga boy bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzaning tahliliga bag‘ishlangan yig‘indada siyosiy tashkilotlarga ayg‘oqchilik qilib yurgan domlaning do‘stlaridan ikkitasi unga nisbatan qitmirlik qilib, «Soliyev o‘z leksiyalarida doimo aksilinqilobchilar faoliyatlariga suyanib ish tutadi. Bu safar ham shunday qildi: u tatar aksilinqilobchisi Fotih Karimov tarjimasidagi G.Vamberining «Movarounnahr tarixi» kitobiga asoslanib ma’ruza qilgan», deb ayblashadi. Tanqidchilar fikriga ko‘ra, Vamberining kitobida O‘rta Osiyo podsholarining shaxsiy hayoti va faoliyati haqida gap borib, keng xalq ommasining turmush tarzi yaxshi yoritilmagan, shu sababdan talabalar uning leksiyalarida O‘rta Osiyo tarixi haqida noto‘g‘ri xulosalar chiqarar ekan. Bunday tuhmatlar kundan kunga ortib bordi.
Po‘lat Soliyevning o‘zbek tarixshunosligi, sharqshunosligidagi va filologiya sohasidagi xizmatlari, maktabshunoslik hamda jurnalistika bobidagi ilmiy va amaliy xizmatlari uchun 1926 yilda unga Leningrad Sharqshunoslik instituti tomonidan «professor» unvoni berilgan edi. Bu o‘sha davrda o‘zbek fani va madaniyatiga berilgan ulkan baho edi.
1929 yil may oyida Samarqand shahrida Pedagogika akademiyasida o‘lkani o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy kengashga chaqirildi. Bunga professor o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Tarixchi V.Germanovning ta’kidlashicha, ma’ruzada quyidagi mulohazalar bayon etilgan edi: «Turkistonni Xitoy, Sharqiy Turkistonni Mo‘g‘uliston bilan birlashtiruvchi savdo yo‘llaridan biri Yettiariq savdo yo‘lidir. Bu yo‘l bo‘ylab faqat Turkistonnigina emas, balki G‘arbiy Ovro‘po, O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlaridagi ham o‘zlarining karvonlari, ham o‘zlarining savdo-sotiq amallarini bajarishgan.
Bu yo‘lda qadimgi davrlardayoq shahar va qishloqlar paydo bo‘lgan. Biz bunda, eng avvalo, Chimkent, Sayram, Marka, Talas, Avliyo ota shaharlarini va Sutkent, Qadr, Mankent, Tulkiboshi, Qorabuloq hamda boshqa qishloqlarni tilga olib o‘tishimiz mumkin.
Bu shahar va qishloqlar bizda eramizdan oldingi V asrdan buyon mavjuddir. Ana shu joylar elatshunoslik, arxeologik, tarixiy va til muammolari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga juda boy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Albatta, O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha xonu beklar, boylar, eshon-mullalar qoldirgan hujjatlar, yorliqlar, kitoblar o‘zbek xalqining qadimiy tarixini o‘rganishda katta ahamiyatga ega. Ammo shu bilan birgalikda yuqorida nomlari tilga olib o‘tilgan shahar va qishloqlarda hamda o‘lkamizning boshqa joylarida qadim-qadim zamonlardan boshlab hunarmandchilik, kosibchilik, san’at, madaniyat, ishlab chiqarishning xilma-xil turlari keng rivojlangan.
Buni o‘rganish esa o‘rta asrlar iqtisodiyoti haqida qimmatli ma’lumotlar beradi» («Turon tarixi» ommabop majmua. 3-son. Toshkent. 1994 y. 24-bet).
Professorning har bir chiqishi, ma’ruzasi va risolasida ko‘tarilgan yechimini kutayotgan tarixiy muammolar ilmiy jihatdan nihoyatda asoslanar edi. Bu ilmiy tarixiy haqiqatlar uning «Maorif va o‘qituvchi» jurnalining 1927 yil 6-sonida bosilgan «O‘rta Osiyo tarixi to‘g‘risida», shu jurnalning 1928 yil 6-7 va 8-9-qo‘shma sonlarida e’lon qilingan «O‘zbek tarixidan», «Xorazm to‘g‘risida bir mulohaza» singari ko‘plab maqolalari hamda «Angliyaning zulmi ostida Hindiston» (1920 y.), «Buxoro tarixi» (1923 y), «Mang‘itlar saltanati davrida Buxoro o‘lkasi» (1925), «O‘zbekiston ham Tojikiston» (1926 y.), «O‘rta Osiyoda savdo kapitali davri» (1926 y.), «O‘rta Osiyoda islom dinining tarqalishi» (1928 y.), «O‘zbekiston tarixi» (XV-XIX asrlar.1929 y.) kabi risolalarida ilmiy jihatdan puxta ochib berildi.
Olimning o‘zbek tarixshunosligi va sharqshunosligida tutgan o‘rni ana shu bilan belgilanadiki, u tadqiq qilmoqchi bo‘lgan har bir mavzu mazmunan bir katta ishga to‘g‘ri kelardi. Uning aytgan ilmiy mulohaza va fikrlari silsilasida O‘zbekiston xalqlari tarixining yangi bir sahifasi, muammosi yechib berilardi.
Uning mashhur «O‘zbek tarixidan» nomli turkum maqolalarida tadqiq etilgan muammolardan biri shundan iboratki, ularda o‘zbeklar va Temur vorislari o‘rtasidagi murosa-yu mojarolar haqida gap ketadi.
Bobokalonimizni Amir Temur vorislari yaxshi bilgan o‘zbek o‘quvchisiga o‘zbek tushunchasini birinchi bor sharhlab beradi.
Sobiq sovet davlatining dastlabki yillarigacha o‘zbek tushunchasi ostida Dashti Qipchoqda yashab, Shayboniyxon boshliq Bobur zamonida bugungi O‘zbekiston hududiga kirib kelgan ko‘chmanchi o‘zbeklar tushunilar edi. O‘sha kezlarda Movarounnahr aholisi asosan ikki nom bilan, ya’ni sartlar (o‘rta asrlarda fors tilida so‘zlab, keyinchalik turkiylashib ketgan turg‘un aholi) va turklar (bunga turkiylar va barcha turkiy qavmlar kirgan) deb atalardi. XVI asr boshlaridan boshlab bu zaminga yuqorida zikr etilganidek, Dashti Qipchoqdan ko‘chmanchi o‘zbek urug‘lari kirib keldi. Ammo ular til jihatidan yerli turklar bilan bir bo‘lib, turkiy tilning turli lahjalarida so‘zlashardilar.
1924 yildan O‘rta Osiyo milliy davlat chegaralanishidan so‘ng O‘zbekiston hududida yashovchi uch toifa (sart, turk va o‘zbek aholi) o‘zbek nomi bilan yuritiladigan bo‘ldi.
Professor ana shunday chigal muammoga ilmiy aniqlik kiritib, maqolada ko‘chmanchi o‘zbeklar haqida fikr yuritgan.
Shuning uchun ham ushbu maqolalar turkumi tarix ilmida o‘ta qimmatlidir. Hozirgi kunda bu ilmiy isbotlar O‘zbekistonning yangi tarixini yaratishda o‘ta muhim talqinlar va tahlillar berishi mumkin.
Farrux Temirov.