Eronlik mutaxassislar bog‘ parvarishidagi e’tiborli jihatlarni ko‘rsatdi
Eronlik bog‘bonlar ishtirokida qishki tinch davrda bog‘ni kompleks parvarish qilish va undan samarali usullari bo‘yicha master-klass o‘tkazildi.
Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan Samarqand tumanidagi “A’zam Azamat Agro” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan press‑turda xorijiy mutaxassislar asosiy e’tiborni daraxtlarni to‘g‘ri shaklga keltirishga qaratishdi. Mutaxassislarning bildirishicha, kuz‑qishda, daraxt vegetatsiyadan chiqmagan vaqtda o‘tkaziladigan shakl berish ishlari daraxt orasida havo aylanishi va quyosh nurining o‘zlashtirishini yaxshilaydi, kasallangan yoki juda eski shoxlarni barvaqt olib tashlash kasallik tarqalishini qisqartiradi.
Kesish turlari - shakl berish maqsadga muvofiq qo‘llanilib, kesish burchaklari va kesma sathlariga e’tibor qaratish, har bir kesishdan oldin va keyin asboblarni dezinfeksiya qilish, kesilgan daraxtlar ichida zararlangan shox-shabbalar, ya’ni zararlangan materiallar bo‘lsa yoqish yoki boshqa xavfsiz usulda yo‘q qilish zarurligi bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.
Bog‘ qator oralarini ishlov berishda tuproqning fizik holatiga e’tibor berilib, ichki qatlamlarni buzmasdan yumshoq mexanik yoki qo‘l ishlovlari, mulchalash orqali namlikni saqlash va eroziyaning oldini olish muhim. Tomchilatib sug‘orish tizimini saqlash yoki yangilash suvni tejash va ildiz faoliyatini yaxshilashga xizmat qiladi, qator orasida ish olib borganda ildizga zarar yetkazmaslik shart. To‘qsonbosti ekinlar tuproqqa organik modda va azotni kiritib, azot fiksatsiyasi va tuproq biologiyasini yaxshilashi mumkin.
Hosildorlikni oshirish uchun sifatli ko‘chat va urug‘dan foydalanish, navlarni mahalliy tizimga moslashtirish, ko‘chatlarni karantindan o‘tkazish va tuproq profilaktikasi ustuvorligi lozim. Zararkunandalar va kasalliklarga qarshi integratsiyalangan yondashuv - doimiy monitoring, biologik va kimyoviy preparatlarni navbat bilan qo‘llash va karantin choralarini qat’iy bajarish - mavjud zararni kamaytirish hamda rezistentlik yuzaga chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.
Tadbirda mutaxassislar OAV vakillari hamda mahalliy sog‘ibkorlarga bosqichma‑bosqich shakl berish sxemalari, asboblar va qisqacha kesish qoidalari, qator orasida qanday ishlov qilish kerakligi va to‘qsonbosti ekinlar ekib, yerdan qo‘shimcha daromad olish mumkinligi bo‘yicha ma’lumotlar berishdi. Press‑turga yig‘ilgan mahalliy fermerlar o‘z navbatida daraxtlarga shakl berishda yangi texnologiyalarni o‘rganish, tajriba almashish va master‑klasslar orqali yangi ko‘nikmalarni shakllanishiga imkon bersa ajabmas. Bunday ko‘rgazmalarni davom ettirish, tizimli o‘quvlar va rejali monitoring orqali amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash zarurligi ham ta’kidlandi. Boshqarma va fermerlar o‘rtasidagi doimiy hamkorlik, ko‘rgazma maydonchalari va nazorat ishlari orqali mazkur tavsiyalarni joriy etish mahalliy bog‘dorchilik hosildorligi va iqtisodiy samaradorligini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.
Baxtigul G‘aniyeva,
viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi axborot xizmati rahbari.