Ko‘p qavatli uyga shikast yetkazgan fuqaro javobgarlikka tortildi
Viloyat hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi tomonidan shaharsozlik va qurilish sohasida belgilangan me’yoriy talablar ijrosini ta’minlash, ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettmoqda.
Navbatdagi nazorat tadbirlari davomida Samarqand shahri Taraqqiyot ko‘chasi 11-sonli ko‘p kvartirali turar joy binosida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Jumladan, ushbu binoning 27-xonadonida loyiha hujjatlariga zid ravishda tayanch konstruksiya o‘zboshimchalik bilan buzilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, uyning 2-kirish yo‘lagi 4-qavatida umumiy foydalanishdagi hududni noqonuniy egallagan holda suv saqlovchi maxsus qurilma o‘rnatilgan.
Ta’kidlash joizki, ko‘p kvartirali uy-joylarda tayanch va to‘suvchi konstruksiyalarni o‘zboshimchalik bilan buzish, shuningdek, umumiy foydalanishdagi joylarni noqonuniy egallash amaldagi qurilish me’yorlari va qoidalariga mutlaqo zid hisoblanadi. Bu kabi holatlar binoning seysmik mustahkamligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, aholining hayoti va mol-mulki uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi hamda fuqaroga buzilgan konstruksiyalarni o‘z ixtiyori bilan 15 kunda avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Belgilangan muddatda majburiy ko‘rsatma talablari bajarilmagan taqdirda, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun sud organlariga taqdim etiladi.
Viloyat uy-joy kommunal nazorat inspeksiyasi axborot xizmati.