Urgutda infratuzilma, mahalla faoliyati, ta’lim va aholi murojaatlari o‘rganildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhsinjon Xolmuhammedov Urgut tumanida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuvlar doirasida tuman hududidan oqib o‘tuvchi “Aylanma Darg‘om” kanalida joylashgan “Darg‘om-1” nasos stansiyasi ko‘zdan kechirildi. Mazkur nasos stansiyasi suv oluvchi G‘ijduvon kanali orqali tumanning To‘rtko‘l, Jarqishloq, Chumchuqli, Mo‘minobod, Mingtepa va Buloqboshi mahallalari hamda qishloqlarini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Deputat yirik infratuzilma ob’yektining holati, ishlash samaradorligi va loyiha hujjatlari bilan yaqindan tanishdi. Mas’ullarga ob’yektni yanada takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirdi.

Shundan so‘ng M.Xolmuhammedov “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovi doirasida amalga oshirilayotgan “Mahallaning ishbilarmon ayoli” loyihasi asosida tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkor xotin-qizlar ishlari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, “Nisbot” mahalla fuqarolar yig‘inida “Daniya” navli malina yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu loyiha doirasida 200 ta xonadonga malina ko‘chatlari tarqatilgan. Loyiha uchun 100 million so‘m subsidiya ajratilib, shundan 20 million so‘mga issiqxona barpo etilgan, 80 million so‘m esa ko‘chatlar xaridiga yo‘naltirilgan.

Shu mahallada faoliyat yuritayotgan oilaviy tadbirkor Dilorom Suyunova 4 sotix issiqxonada limon yetishtirib, yiliga 2 tonna hosil olmoqda. Bu esa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va daromad manbaini kengaytirishda yaxshi namuna hisoblanadi.

Bog‘ishamol mahallasidagi “Gulbahor” tikuvchilik sexi ham diqqat markazida bo‘ldi. Ushbu sexda 40 nafar xotin-qiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan bo‘lib, bu mahallada bandlikni oshirish va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim natija sifatida e’tirof etildi.

Ushbu mahallada amalga oshirilayotgan boshqa ishlar, mahalla faoliyati hamda aholi bilan ishlash jarayonlari ham o‘rganildi. Fuqarolarning murojaatlari joyida ko‘rib chiqilib, ularni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi. Aholini ro‘yxatga olish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi.

16-maktabda tuman deputatlari va xodimlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda aholini qiynayotgan masalalar, taklif va g‘oyalar muhokama qilindi, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Muammolarni yechimga yo‘naltirish maqsadida mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, deputat tumandagi 1-son maktabgacha ta’lim muassasasiga borib, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar, qulayliklar, ovqatlanish ratsioni va taomlar sifati o‘rganildi. Tumanning 142-son umumta’lim maktabida ham bo‘lib, ta’lim jarayoni, o‘quvchilarning bilim saviyasi, o‘qitish tizimi va mavjud shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Mahmudjon Sag‘dullayev.