Grenlandiya — kelajak resurslari jamlangan muzli qit’a
Birinchi maqolamizda yerdagi ushbu eng katta orolning transporti, mahalliy oshxonalari, milliy kiyimlari va boshqa xususiyatlari haqida yozgan edik.
Bugungi maqolada so‘nggi oylarda dunyo diqqat-e’tiborida bo‘lgan, jismonan Shimoliy Amerikada, siyosiy jihatdan esa Yevropaning bir qismi hisoblanadigan, Atlantika va Shimoliy Muz okeanlari bilan chegaradosh haqiqiy geografik paradoks Grenlandiya dunyodagi boshqa hamma narsadan nimasi bilan farq qilishi to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Sayyoraning muz ostidagi xazinasi
Grenlandiya muzlari dunyodagi eng boy tabiiy resurslarni yashirishi bilan Yerning boshqa joylaridan farq qiladi. U yerda bugungi kunda insoniyat izlayotgan hamma narsa - neft, gaz, metallardan tortib, ularsiz elektromobillar, shamol turbinalari va zamonaviy akkumulyatorlar ishlay olmaydigan nodir yer elementlari bor. Muammo shundaki, ushbu xazinalarning aksariyati orolning taxminan 80 foizini qoplagan muzlar ostida chuqur joylashgan.
Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu zaxiralar kelajakda jahondagi talabning to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini qondirishi mumkin. Gap Grenlandiyani dunyoda potensial yetakchi o‘yinchiga aylantiradigan o‘n millionlab tonnalab noyob yer elementlari haqida ketyapti.

Buyuk davlat kattaligi hajmidagi neft va gaz
AQSh geologik xizmatining hisob-kitoblariga ko‘ra, Grenlandiya shimoli-sharqida taxminan 31 milliard barrel neft bo‘lishi mumkin. Bu Amerikadagi barcha ma’lum neft zaxiralari ekvivalenti bilan teng degani. Ishlab chiqarish ob-havo noqulayligi va ulkan xarajatlarni talab qilsa-da, bu salohiyat haqiqatan ham juda katta.
Boshqa hech qayerda yo‘q geologiya
Mamlakatning o‘ziga xosligi shundaki, u 4 milliard yil davomida tabiiy resurslari yaratish bo‘yicha barcha asosiy geologik jarayonlarni boshidan kechirgan. Bu yerda oltin, yoqut va grafit hosil qilgan tog‘larning kelib chiqishi, Yer qobig‘ining cho‘zilishi natijasida neft, gaz va metallarning hosil bo‘lishi davrlari bo‘lgan. Vulqon faoliyati esa nodir yer elementlari va olmoslarni qoldirib ketdi. Hatto Yer standartlari bo‘yicha ham bularning barchasini bir joyda to‘plash kamdan-kam hollarda uchraydi.

Grenlandiyaning muzdan xoli qismi mamlakat umumiy maydonining beshdan bir qismini tashkil etadi. Quruqlik Buyuk Britaniyadan deyarli ikki baravar katta. Orolning qolgan qismi qalinligi bir necha kilometrgacha bo‘lgan “muz bo‘lagi”dir.
Olimlar uning ostida hali ochilmagan konlar borligi haqida gapirishadi. Georadar kabi zamonaviy texnologiyalar muz ostidagi 2 kilometrgacha chuqurliklarni kuzatish imkonini berayotgan bo‘lsa-da, razvedka ishlari juda sust olib borilib, qimmatga tushmoqda.

Iqlim paradoksi
Global isish va muzlarning erishi tufayli resurslardan foydalanish yanada qulayroq bo‘lib boryapti. 1995 yildan beri Grenlandiyada Albaniya kattaligidagi maydon erib ketdi.
Resurslar qazib olinishi global energiya ishlab chiqarishni kuchaytirishi mumkin, biroq bu orolning noyob tabiiy muhiti va qirg‘oqbo‘yi aholisiga tahdid soladi. Hozircha Grenlandiya hukumati foydali qazilmalar qazish ishlarini qattiq nazorat qiladi, biroq AQSh va boshqa mamlakatlarning orolga nisbatan qiziqishi kundan-kunga ortib bormoqda.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.