Navro‘zning asosiy tantanalari qayerlarda bo‘ladi?
Bu yilgi Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” shiori ostida o‘tkaziladi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 6 mart kuni qabul qilingan qaroriga ko‘ra, yurtimizda, jumladan, viloyatimizning har bir shahar va tumanida Navro‘z xalq sayillari tarzida keng nishonlanadi.
Viloyatda Navro‘z bayramini o‘tkazish chora-tadbirlari rejasiga muvofiq, bayramda yangi sahna ko‘rinishlari, shoir va yozuvchilarning ijod namunalari, san’atkorlarning Vatan, tabiat, yoshlik va go‘zallik haqidagi yangi qo‘shiqlari, xalq og‘zaki ijodi, ansambllarning chiqishlari va askiya san’ati ijodkorlarining zamonaviy ijod mahsullari namoyish etiladi. Shuningdek, viloyatdagi mahallalar, ta’lim muassasalarining ko‘rgazma va chiqishlari, tadbirkor va hunarmandlar tomonidan yarmarkalar tashkil etilib, “Kabob festivali”, “Sumalak sayli”, “Osh chempionati”, “Samarqand nonlari” yarmarkasi, xalq o‘yinlari hamda sport musobaqalari o‘tkaziladi.
Asosiy bayram tantanalari Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i, Kamol Otaturk, Firdavsiy, Alisher Navoiy ko‘chalari, Qorasuv massivi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida, Kimyogarlar qo‘rg‘oni va shu hududdagi “Nurafshon” san’at saroyi, So‘lim va Farhod shaharchalarida o‘tkaziladi. Shodiyonalar shahardagi “Mo‘’jiza” amfiteatrida konsert dasturi bilan davom etadi. Bayram tadbirlari davomida “Ibratli oila”, “Obod mahalla”, “Namunali maktab”, “Mohir laparchi” yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitobxonlik bayramlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan oilalar, yakka-yolg‘izlar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar, keksalar va nogironlar holidan xabar olinib, xayriyalar qilinadi.
Hududlarda ham bayramga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Ayni jarayon bilan tanishish maqsadida Payariq tumanida bo‘ldik.
Tuman hokimining o‘rinbosari Elyor Mamadiyorovning ta’kidlashicha, keyingi yillarda Navro‘z bayrami asosan Do‘stlik mahallasida dala maydonida o‘tkazilgan bo‘lsa, bu yil tuman markazidagi “Yangi O‘zbekiston” maydonida keng nishonlanadi. Ayyom munosabati bilan korxona va tashkilotlar, mahallalar, ta’lim muassasalari, tadbirkorlar hamda hunarmandlar ishtirokida yarmarkalar tashkil etiladi. Shuningdek, milliy taomlar festivali, xalq o‘yinlari va sport musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bayram arafasida bir qator ijtimoiy soha obektlari, foydalanishga topshiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish aksiyalari va umumxalq hasharlari tashkil etiladi.
Tumanda o‘nta madaniyat muassasasi mavjud bo‘lib, bayram tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida madaniyat markazlari, teatr va folklor jamoalari tomonidan milliy an’ana va qadriyatlarimizni targ‘ib qiluvchi sahna ko‘rinishlari, xalq og‘zaki ijodi namunalari va konsert dasturlari tayyorlanmoqda.
– 1986 yilda tashkil etilgan jamoamizda turli yoshdagi 16 nafar ijodkor milliy merosini targ‘ib etib kelmoqda, – deydi “Chinor” folklor-yetnografik jamoasi rahbari Nurali Qilichev. – Jamoamiz tuman, viloyat va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan madaniy tadbirlar, bayram va festivallarda faol ishtirok etib kelmoqda. Repertuarimizda yigirmaga yaqin qo‘shiq bo‘lib, Navro‘z bayramida “Nayzangul”, “Yil boshi”, “Navro‘z keldi”, “Tushov kesdi”, “Xapalasiga”, “Chelakda bozor”, “Poyarig‘im”, “Qora suv”, “O‘yna-o‘yna” kabi o‘nga yaqin xalq og‘zaki ijodi namunalarini tayyorlayapmiz. Ayniqsa, Navro‘z ayyomida xalqimizning qadimiy an’analari, mehr-oqibat va birdamlik g‘oyalarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOEV.