Yaxshi kelgan hutni ko‘ring, paqir to‘la sutni ko‘ring

Ko‘klamning yomg‘ir ko‘p yog‘adigan namxush oqshomlari bolaligimizda juda zerikarli tuyulardi. Tashqarida shamol “uv” tortar, daraxtlarning shoxi qarsillar, itlar zanjirini uzgudek bo‘lib tinmay hurar edi.
Bu tovushlardan vahimaga tushib enalarimizni savolga tutardik:
- Tashqarida nima bo‘lyapti?
- Ayamajuz kelgan-da, bolam.
- Ayamajuz yomonmi?
- Yomon emasu, lekin rahm qilmaydi-da, - derdienam. – Kechagina bog‘imizdagi zardolilar gulini to‘kib, barg chiqargandi. Mana, ayamajuz barglarini bitta-bitta yulib otyapti. Fye’li shunaqa-da.
"Demak, ayamajuzning o‘zi emas, fe’li yomonekan", deb o‘ylardik va o‘zimizcha unga xayrixoh bo‘lardik. Keyin enalarimiz o‘rgatgan tilaklarni pichirlab aytardik:
Ayamajuz yaxshi kelsin, iloyim,
Ayamajuz yaxshi kelsin, Xudoyim…
- Hut keladi hademay, ishqilib yaxshi kelsin-da, - der edi keksalar ba’zan bir-birovlari bilan o‘zaro suhbatlashayotib. Uning ham aytimlari bor edi.
Yaxshi kelgan hutni ko‘ring,
Paqir to‘la sutni ko‘ring.
Yomon kelgan hutni ko‘ring,
Keragida putni ko‘ring.
Aytishlaricha, hut yaxshi kelsa ko‘kalamzor ko‘payib, sigirlar yaxshi sut beradi, yomon kelsa sel-jala tinmay, mol-qo‘ylarning ba’zi birlari suvda oqar yo bo‘lmasa jalada toyib yiqilgan qo‘ylar so‘yilib, keragaga osilarkan.
Yana bir kuni qattiq shamol turdi. Yomg‘ir tomchilari derazani cherta boshladi. Birdaniga chiroq ham "lip" etib o‘chib koldi. Ukam bilan bobomning yoniga chopib bordik.
- Hozir hammamiz birga qo‘shiq aytamiz, keyin sirayam qo‘rqmaydigan bo‘lasizlar, - dedi bobom. O‘sha qo‘shiqning so‘zlari hali-hali yodimda.
Shamol tursa, qo‘rqmagin,
Shamol bobong bo‘ladi.
Yomg‘ir yog‘sa qo‘rqmagin,
Yomg‘ir momong bo‘ladi.
Chaqmoq chaqsa cho‘chima,
Chaqmoq sening og‘angdir.
Sel kelganda sapchima,
U ham sening bobongdir.
Chindan ham shundan so‘ng qo‘rquv hissi yo‘qoldi. Go‘yoki bobom bir zumdayoq tabiat bilan bizni do‘stlashtirib qo‘ygandi. Yomg‘irning ham, shamolning ham tovushi endi bizga xush yoqib ko‘zimizni uyqu elita boshladi.
Ertasiga havo charaqlab ochildi. Bir haftagacha kun toza qizidi. Shunda bobom bizga "Qani, yomg‘ir chaqiringlar", dedi. Biz kattalardan o‘rganganlarimizni xirgoyi qildik:
Dehqon bobo huv dedi,
Dala-boqqa suv, dedi.
Guldurak momo, kel-ey.
Tog‘-daradan oshib o‘t,
Dala-bog‘dan shoshib o‘t,
Guldurak momo kel-ey...
Aytishlaricha, shoh Firuz zamonida Eronda yetti yil yomg‘ir yog‘magan ekan. Shunda el-ulus ibodatxonalarga borib, g‘ayb kuchlardan yomg‘ir so‘rashgan.
Yil qurg‘oq kelib, hosil kam bo‘lgan yillarda odamlar go‘yoki suv homiysi bo‘lgan Sulton xotindan madad tilashsa yomg‘ir yuborarmish. O‘sha kezlarda biz, bolalar cho‘pga o‘rab yasalgan latta qo‘g‘irchoqni bosh uzra ko‘tarib, qo‘shiq xirgoyi qilardik:
Yomg‘ir yog‘dir, ho‘l bo‘laylik,
Biz ham senga jo‘r bo‘laylik.
Arpa-bug‘doy mo‘l bo‘lsin
Sutu qatiq ko‘p bo‘lsin.
Yomg‘ir yog‘dir, ho‘l bo‘laylik...
Biz Navro‘z sayillariga chiqib, varrak uchirayotgan kezlarimizda ham bor ovozimiz bilan shamolni chaqirardik:
Shamol, shamol, bag‘ring kamol,
Onangni suv olib ketdi,
Otangni suv olib ketdi,
Bolangni suv olib ketdi.
Esa qol-ey!
***
Navro‘z kunlarida yer haydash, ekin ekish yumushlarini bajarish paytida dehqonlar "xo‘sh, hayda”, "mayda-mayda” qo‘shiqlarini aytgan bo‘lsalar, ayollar sigirlarini erkalab, sutini ko‘paytirish uchun qo‘shiq aytib sog‘ardilar. Sog‘im qo‘shiqlarini onalarimiz va momolarimiz o‘zlari to‘qib ham xirgoyi qilaverishardi.
Qishdan chiqib, quvvatsizlangan sigirlar ko‘klamning ilk maysalariga to‘yib qaytayotganida ayollar shu jonivorlarni "suqli” nazarlardan ehtiyotlashgan. Ko‘z tegmasin, deya shoxlari va tuyoqlariga nuqra toshchalar taqib qo‘yganlar. So‘ng podadan qaytayotgan sigirlar yo‘liga chiqib, o‘zaro xirgoyi qilishgan.
Poda kelar bosh-bosh,
Shoxi to‘lan uqratosh.
Yelini tirsillaydi,
Shoxlari qirsillaydi.
Poda kelar bosh-bosh,
Hoy kelayotgan, chetga qoch.
Ko‘zing tegib uyurimga,
Dard keladi siyirimga.
Har gal Navro‘z kunlarida biz ona tabiat, osmon, xullas, atrofimizdagi barcha jonivorlar bilan mana shunday sodda va xalqona qo‘shiqlar orqali "so‘zlashardik", ularni bola qalbimiz bilan yaxshi ko‘rib qolardik.
***
Bolalik kezlarda biz dala giyohlarining qay birini gulidan, qay birini hididan ajratib olardik. Suv qalampirning gullari xuddi marjonga o‘xshash bo‘lardi. Bo‘znochning gullari sap-sariq, marvaridgul esa qo‘ng‘iroqchani eslatardi. Dalachoy va moychechakning gulbarglari suluv, gulxayrining ifori mayin, devonagulning tovlanishi chiroyli edi. Yomg‘ir sevalab o‘tgan chog‘larda bu o‘t-o‘lanlarning xush bo‘yi butun borliqqa taralardi.
”Ko‘katlarning isi ko‘nglingni ochadi, ko‘kalamzor ustidagi shudringdan olib ich, barcha dardlaring ketadi”, deyishardi keksalar.
Maysalarga bo‘ylashib, ular bilan joy talashib o‘sayotgan yalpiz, ismaloq, jag‘-jag‘, beda ham ming bir dardga davo ekan.
***
Tuproqni yorib yashashga chog‘lanayotgan maysalar, ariq bo‘ylaridagi mitti chuchmomolar, qirda boychechagu binafshalar, bog‘lar ichida sayrayotgan qushlarning hamma-hammasi Navro‘z saharlarida qutlug‘ kunni qarshilayotganday tuyuladi. Nozik nihol gulu giyohlar hidi dimoqni qitiqlaydi. Sumalak qozonlari atrofida sho‘x bolalar chug‘urlashadi:
Armon, armon sumalak,
Jonga darmon sumalak.
Adirlar bag‘rida Navro‘z gurunglari qiziydi, aytishuv va laparlar boshlanadi, bellashuvlar avj oladi.
"Qutlug‘ kunda g‘amga botmay o‘ynab kul, faqat yaxshi niyatlar qilsang kelgusi Navro‘zlarga ham shodu xurram yetasan", degan hikmatlar qadimdan qolgan.
Qosh qorayib tun kirgach, sumalak qozoni atrofida davra quriladi. Momolardan biri childirma chaladi, uni eshitganlar "sumalak sayli" boshlanganini bilib uzoq-yaqindan kelaveradilar. Eng avval, momolardan biri o‘yinu laparni boshlab beradi.
Qozon to‘la sumalak,
Sayildan berdik darak,
Kelavering, ming malak,
Sumalakjon, sumalak...
Keyin boshqalar ham momoga jo‘r bo‘lishadi:
Qaydadir o‘ttiz malak,
Ular solmasa namak,
Qachon pishar sumalak?!
Sumalakjon, sumalak...
(Aytishlaricha, sumalak qozoni atrofiga kelib o‘tirgan o‘ttiz malak tongga yaqin qozonga tuz-namak tashlab, so‘ng uchib ketisharmish. Bu esa sumalakning pishganini bildirarkan. Shu uchun ham laparda tuz-namak so‘zi tez-tez tilga olib turiladi.) Onaxonlar endi navbatni yosh qizu kelinchaklarga beradilar. Qiz-juvonlar raqs tushib, bir-birlariga gal bermay, o‘zlari bilgan xalq qo‘shiklaridan kuylaydilar.
Sahar chog‘ida dam yeb, pishgan taomni suzishni keksa ayol boshlab bergan. U "Bismillohir rohmanir rohiym" deb qozon og‘zini ochadi va shunday so‘zlarni takrorlaydi:
G‘oyibdan baraka
Behishtdan maza,
Mening qo‘lim emas,
Bibi Fotima onaning qo‘llari...
So‘ngra sumalak qator idishchalarga suzilib, birinchisi yon-atrofdagi keksa yoki dardman kishilarning uylariga eltib beriladi. Shu jihatdan olganda, sumalak juda ko‘p yaxshiliklarga yo‘l ochuvchi qutlug‘ taom sanaladi.
Momo chanqovuzni labiga tutadi. Bobo do‘mbirani sayratadi. Bolakay qamishdan sibizik yasaydi. Katta maydondan otlar dupuri eshitiladi. Barcha "qiz quvdi”ni ko‘rmoqqa shoshiladi. Bir tomonda kurash davom etadi. “Ol, ha ol!”, ”Halol, halol!” deya davra guvillaydi. Yana bir yoqda "arqon tortish"lar... Bellashuvlar tugab, hammalari "kelin salom" bo‘layotgan joyga oshiqadilar. Kayvoni momo o‘rtaga chiqib "salom" aytadi:
Xirmonlar donga to‘lsin,
Dasturxon nonga to‘lsin,
Yurt tinch, elomon bo‘lsin,
Hamma-hammaga salom...
Kelinchaklar zarrin harir pardalari ortidan nim tabassum qilishib, birma-bir salomga egiladi.
Navro‘zi ayyom tomoshalari kechga qadar davom etadi. Shu asnoda mehr dillarni bir-biriga bog‘laydi, chehralar oftobdek yorishadi, ko‘zlar kulib ko‘ngillar yayraydi, vujudlar kuch-quvvatga to‘lib ertangi xayrli va savob ishlarga chog‘lanadilar.
Gulchehra Jamilova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.