Odri Azule: YuNESKOning Bosh konferensiyasini Samarqandda o‘tkazishning o‘zi tarixiy
 
                                                                        Samarqand mezbonligida o‘tayotgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida tashkilot Bosh direktori Odri Azule anjumanni yoritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga intervyu berdi.
- O‘zbekiston taklifiga binoan YuNESKO tarixida, 40 yilda ilk bor biz bosh konferensiyamizni Parijdan tashqarida, Samarqandda o‘tkazmoqdamiz, – dedi Odri Azule xonim. – Biz mana shunday tarixiy bosqichni boshdan kechirayotganimizdan juda mamnunman. Bu yerda butun dunyo uchrashmoqda, madaniyat, ta’lim, fan, axborot atrofida birlashmoqda.
Kecha Bosh konferensiya sessiyasini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda yana ikki davlat rahbari, ko‘plab vazirlar ishtirokida ochishga muvaffaq bo‘ldik. Tashkilotimizga a’zo davlatlarning 180 dan ortig‘idan vakillar ishtirok etmoqda, umuman, qatnashchilar 4500 dan ziyod. Ana shu raqamlarning o‘zi haqiqatan ham Samarqand sivilizatsiyalar chorrahasi, dunyo uchrashadigan joy ekanini ko‘rsatadi.
Biz bu yerga YuNESKO vakolati doirasida dunyo xalqlari uchun muhim bo‘lgan masalalarni muhokama qilishga to‘plandik. Va bu vazifani bugun nafaqat ushbu mintaqa, balki geosiyosatda muhim o‘rin tutayotgan O‘zbekistonda amalga oshirayotganimiz biz uchun ahamiyatlidir.
Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev jahon miqyosidagi tadbirni ochib berar ekan, bizni O‘zbekiston xalqi nomidan samimiy kutib oldi, o‘z mamlakatining boy tarixi, intellektual, ilmiy bilimlar, badiiy ijod sohalaridagi merosini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga butun dunyo xalqlari kelajagi uchun muhim bo‘lgan tashabbuslarni taklif qildi. Jumladan, yangi texnologiyalar, sun’iy intellekt bilan bog‘liq ishlarimizni yanada takomillashtirish bo‘yicha, shuningdek, O‘zbekiston va YuNESKO o‘rtasida yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan maktabgacha ta’lim sohasida tashabbuslarni bildirdi. Va bu bilan sessiyamizdagi muhim mavzular muhokamalarini juda ijobiy ruhda boshlab berdi. Biz bundan mamnunmiz, zero, YuNESKO doimo oldinga intiluvchi, zamon taraqqiyotini oldindan ko‘ra biladigan tashkilotdir. Masalan, biz 2018 yildan buyon sun’iy intellekt ustida ishlayapmiz va bugun bu sohada birmuncha natijalarga ham erishdik.
YuNESKO Bosh direktori nima uchun bu bosh konferensiyani tarixiy deb hisoblashi haqidagi savolga javob berar ekan shunday dedi:
– Ha, bu tarixiy sessiya. Tarixiyligi, yana bir bor ta’kidlayman, 40 yil ichida birinchi marta Parijda – YuNESKOning shtab-kvartirasida emas. Bizning bu yerda ekanligimiz O‘zbekistonning taklifi tufayli. Ular bu tavakkalni o‘z zimmalariga olib, dunyoni bu yerda kutib olish uchun katta tayyorgarlik ko‘rishdi va buning uddasidan chiqishdi. Tashkilotimizga a’zo davlatlar vakillari, butun dunyodan odamlar Samarqandga madaniy merosni, suv masalasida hamkorlikni, ta’lim va sun’iy intellekt bo‘yicha nimalar qilishimiz kerakligini muhokama qilish uchun Samarqandga kelishdi.
Biz bu yerda YuNESKOning keyingi ikki yillik byudjetini tasdiqlaymiz. Bu oxirgi sakkiz yil ichida resurslarimizni ikki baravar oshirganimizdan keyingi ajoyib byudjet evolyusiyasidan so‘ng amalga oshirilmoqda. Biz kelajakka nazar tashlaymiz.
Aytishim kerakki, ushbu sessiya tashkilotimizning yangi rahbarini ham tasdiqlaydi. Men uchun esa Bosh direktor sifatidagi so‘nggi umumiy konferensiyam Samarqandda YuNESKO va O‘zbekiston o‘rtasida yaqin do‘stlik va a’lo darajadagi munosabatlar qaror topgan sharoitda o‘tayotgani alohida ahamiyatga ega. YuNESKOning ushbu Bosh konferensiyasini nafaqat bugun, balki asrlar davomida muhim bo‘lgan Samarqandda o‘tkazishning o‘zi tarixiy, deb hisoblayman.
 
                 
                                     
                                     
                                     
                                     
                                    