Madhiyani hurmat qilmaydiganlarni biznes-forumga taklif etish xato emasmi?

Sarlavhani shunday qo‘yishimga yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro biznes-forum va u yerdagi holat sabab bo‘ldi.

Forumning nufuzi baland edi. Unda ikki davlat hukumati, Savdo-sanoat palatalari a’zolari, nufuzli kompaniyalar vakillari va yirik tadbirkorlar jam bo‘ldi. Biz uchun e’tiborli tomoni – ushbu davlat endigina biz bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, o‘z bozorida o‘zbekistonlik tadbirkorlarga keng o‘rin, shu bilan birga imtiyoz va imkoniyatlar berish niyatida ekan.

Dastlab Toshkentda ikki davlat ishbilarmonlarining forumi o‘tkazildi, keyin Samarqandda shunday anjuman tashkil etildi. Samarqanddagi forumda viloyat tadbirkorlari bilan birga qo‘shni viloyatlardan ham yirik ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari vakillari qatnashdi. 

Odatda, bunday anjumanlarga bozorda o‘z o‘rnini topgan, xorijiy davlatlarga o‘z mahsulot va xizmatlarini taklif eta oladigan yoki shu niyatdagi tadbirkorlar taklif etiladi. Chet mamlakatlarda o‘tkaziladigan biznes-forumlarda ham shunday tadbirkorlarimiz qatnashganiga ko‘p guvoh bo‘lganman.

Xullas, nomdor mehmonxonaning katta zalida 300-350 kishiga joy hozirlangan, har bir ishtirokchi uchun stol ustida qog‘oz-qalam, suv, sinxron tarjima uchun quloqchingacha qo‘yilgan. Garchi tashqari sovuq bo‘lsa-da, zal ichida mo‘’tadil harorat ta’minlangan, bemalol yengil kiyimda o‘tirish mumkin edi. Ammo ayrim ishtirokchilar mehmonxonada ustki kiyimlarni qoldiradigan joy bo‘lishiga qaramay palto va po‘stinlarini o‘zi o‘tirgan stulga tashlab qo‘yib o‘tirgandi. Albatta, noqulay bo‘lgan bu holat forum tashkilotchilari e’tiboridan chetda qolmadi va ular o‘sha ishtirokchilardan kiyimlarini tashqaridagi maxsus joyga qo‘yib kelishlarini so‘rashdi. Bunday gapni eshitganlar xijolat bo‘lib, uzr so‘ragan holda tashqariga chiqishar, deb o‘ylagandim. Xato qilgan ekanman, ular “bir men emas, boshqalar ham shunday o‘tiribdiku” deb go‘yo haqligini isbotlayotgandek tutdi o‘zlarini.

Zalda bo‘lganlarning ba’zilari esa qo‘l telefonini ovozsiz rejimga qo‘ymagani yetmagandek, shu yerda qo‘ng‘iroqlarga javob berib, bemalol, baland ovozda gaplashishi ham atrofdagilarning e’tiborini o‘ziga jalb qildi.

Ana shunday ko‘ngilxiralik bilan boshlangan tadbir avvalida ikki davlat madhiyalari yangrashi e’lon qilindi. Hamma o‘rnidan turdi. Mamlakatimiz davlat madhiyasi jarang sochdi. Tegishli qonunga ko‘ra, davlatimiz madhiyasi ko‘pchilik huzurida ijro etilganda, hozir bo‘lgan kishilar, ya’ni yurtdoshlarimiz madhiyani tik turib va o‘ng qo‘l kaftini ko‘krakning chap tomoniga qo‘yib, harbiy yoki davlatning boshqa xizmatidagi maxsus kiyimdagi shaxslar esa qo‘lini bosh kiyimiga qo‘yib tinglashi lozim. Bu har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi hisoblanadi. Bunday paytda madhiya birgalikda ijro etilsa qanday chiroyli manzara, muhit hosil bo‘lishiga ham ko‘pchiligimiz amin bo‘lganmiz.

Afsuski, bu galgi forumda madhiya yangrayotganda zalda bo‘lganlar orasida qo‘lini ko‘ksiga qo‘ymaganlar ham, yon-atrofga olazarak qarayotganlaru qo‘l telefoni bilan ovora bo‘lganlar ham bor edi.

Keyin hamkor davlat madhiyasi musiqasi yangradi. Ana shunda mehmonlarning barchasi viqor bilan turib o‘z davlati qo‘shig‘ini pichirlab bo‘lsa-da aytayotgani, ekrandagi davlat bayrog‘iga g‘ururla boqib turganini ko‘rib, to‘g‘risi, bir lahza oldingi o‘zimizning holatdan uyaldim va ayni chog‘da ularga havas qildim...

Biz zaminimiz qadimdan sivizilizatsiya markazi bo‘lgani, Ipak yo‘lining chorrahasi sifatida G‘arb va Sharqni bog‘lagani, ajdodlarimiz esa savdo-sotiq, tadbirkorlik bobida boshqa yurt savdogarlariga ibrat bo‘lganidan faxrlanib gapiramiz, savdo-sotiq bilan birga madaniyat yuksalganini aytamiz.

Bugun-chi? Mamlakatimizda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, ishbilarmon xalqimizning bu boradagi salohiyati yuzaga chiqayotgani haqiqat, bundan g‘ururlanamiz, albatta. Boshqa mamlakatlarni bilmadim, lekin bizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan rasman “Tadbirkorlar kuni” belgilangan. Bu soha vakillarining erkin faoliyat ko‘rsatishi uchun shaxsan Prezident kafil bo‘lmoqda va ular bilan har yili bevosita muloqot qilishi an’anaga aylandi. Va bu e’tiborga munosib bo‘lgan ko‘plab tadbirkorlarimiz nafaqat yurtimiz, hatto xorijda ham tanilib, o‘z o‘rnini topmoqda va O‘zbekistonni, o‘zbek ishbilarmonlarining nimalarga qodirligini ko‘rsatmoqda.

Chet ellik investorlarni birinchi navbatda, yurtimizdagi qulay tadbirkorlik muhiti, adolatli qonun va tartib-qoidalar qiziqtiradi. Shu bilan birga ular o‘zlari hamkorlik qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorning ishbilarmonligidan tashqari qanchalik vatanparvarligi, o‘z yurti va yurtdoshlarini sevishini ham e’tiborga oladi.

Xorijiy davlatlardagi iqtisodiy forumlar, ko‘rgazmalarda muntazam qatnashib yurgan rahbarlardan biri “Chet ellik tadbirkor bilan gaplashganingizda uning tilini bilmasangiz siz bilan tarjimon orqali suhbatlashishdan og‘rinmaydi, lekin yuzingizda tabassum bo‘lmasa, O‘zbekiston haqida yetarli ma’lumot bera olmasangiz va g‘ururingiz bo‘lmasa sizga ishonmaydi va hamkorlik qilmaydi” degandi.

Nazarimda, mana shu fikr ham tadbirkorlarimiz uchun qaysidir ma’noda ogohlantirishdek gap.

Yaqinda Samarqand shahridan Toyloq tumaniga kiraverishda 7-8 metrli metall ustunda yurtimiz bayrog‘i ilib qo‘yilgani e’tiborimni tortdi. Yo‘l-yo‘lakay mahallalar, kichik korxona va tashkilotlar oldida ham bayroq ilingan ustunlarni ko‘rdim. To‘g‘ri, hozir har bir xonadon eshigi oldida davlatimiz bayrog‘ini o‘rnatish mumkin. Ilgari faqat hokimlik yoki boshqa davlat idoralari binosi tepasida yoki peshtoqida davlat bayrog‘i o‘rnatilishiga o‘rganib qolganimiz uchun kichik muassasalar, korxonalar oldidagi bunday manzara ko‘zimga boshqacha ko‘rindi, lekin ko‘nglimda g‘urur uyg‘otdi. Yo‘l ustidagi kichik bir ishlab chiqarish sexi binosi oldida ham bayroq o‘rnatilganini ko‘rib, tadbirkordan buning boisini so‘raganimda u shunday javob berdi:

– Yaqinda mahallamizdan bir qizni Turkiyaga kelin qilib olib ketishdi. Bizda kelinni uydan olib chiqishayotganda boshiga kashta tashlab qo‘yishadi. Qizning yaqinlari shu odatni qilib, kashta tashlaganlarida turkiyalar qudalar kelinning boshiga o‘zlari bilan olib kelgan Turkiya bayrog‘ini tashlashdi va “endi u bizning vatandoshimiz va Turkiyaning himoyasida bo‘ladi”, deyishdi. Qarang, oddiy bir insonning davlat himoyasida ekanligini bildirish uchun unda bayroqqa nisbatan hurmat, g‘urur uyg‘otishyapti. Shundan keyin nega endi men tadbirkor sifatida o‘z davlatim muhofazasida ekanligimni bildirish uchun bayroq o‘rnatmasligim kerak, dedimu bino oldiga bayrog‘imizni ilib qo‘ydim.

O‘zbekistonni namoyon etadigan biznes-forumlarga, nufuzli anjumanlarga ana shunday fikrdagi tadbirkorlar qatnashishi kerak emasmi?

G‘olib HASANOV.