Qirq kunda 27 million so‘m daromad qilishni istaysizmi?
Samarqand tumanida “Navobod naslli parranda” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligida davlatimiz rahbari raisligida 23 yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholini bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Viloyatimizdagi tumanlar hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, banklar, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari hamda boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari, “mahalla yettiligi” vakillari ishtirok etgan tadbirda fermer xo‘jaligi tomonidan kooperatsiya tizimi asosida aholi xonadonlarida yoki fermer (dehqon) xo‘jaligida yengil konstruksiyali binolarda parranda boqishni tashkil etish loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Fermer xo‘jaligi hududida 2 va 3 sotix (200-300 kv.m)maydonda qurilgan va zurar uskunalar bilan jihozlangan yengil konstruksiyali kichik tovuqxonalar misolida bu loyihani amalga oshirish usullari va samarasi tushuntirildi.
– Biz o‘tgan yil viloyatimizning Qo‘shrabot, Payariq va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida aholini kambag‘allikdan chiqarish va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun parranda boqishga sharoiti bor xonadonlarga bir kunlik jo‘ja va ularning ozuqasini bergan holda, 40-42 kunda tovuqlar tayyor bo‘lgach, o‘zimiz sotib olish tizimini yo‘lga qo‘ygandik, – deydi “Navobod naslli parranda” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Haydar O‘roqov. – Bu tizim o‘zini oqlagani, tovuq boquvchilar va biz uchun ham manfaatli bo‘lgani uchun uni yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, bu borada dehqon va fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish uchun 3 ming, 4,5 ming va 7,2 ming bosh jo‘ja boqish mumkin bo‘lgan yengil konstruksiyali, zarur uskunalar bilan jihozlangan tovuqxonalar loyihalarini tayyorladik. Masalan, 211 million so‘m evaziga 2 sotix maydonda quriladigan shunday tovuqxonada 3 ming bosh jo‘ja boqish mumkin. Biz bu tovuqxona uchun isitish yoki sovutish tizimi, suv va ozuqa berish, havo aylanish tizimlarini ham yaratib beramiz. Bundan tashqari, parranda boquvchilarni bir kunlik jo‘ja va uning ozuqasi bilan, zarurat bo‘lganda dori-darmon bilan ta’minlaymiz, veterinariya xizmat ko‘rsatamiz. 40-42 kunda tovuqlar vazni kamida 3 kilogramga yetadi va ularni har bir kilogramm tirik vazni uchun 17 ming so‘mdan to‘lab, sotib olamiz. Ana 40-42 kun ichida ana shu 3 mingta tovuqdan bitta oila 27 million so‘mgacha daromad olishi mumkin. Agar bir yilda shu tarzda 8 marta tovuq boqishni hisobga olsak, parranda boquvchi bir yilda o‘rtacha 214 million so‘m foyda oladi. Yengil konstruksiyali tovuqxonani bank krediti orqali ham olish mumkin. Agar aholi xonadonida tovuq boqish uchun bino bo‘lsa, biz o‘sha joyni ham zarur uskunalar bilan jihozlab, ular bilan koopratsiya asosida hamkorlik qilishimiz, ya’ni jo‘ja va ozuqani yetkazib berib, tayyor mahsulotni o‘zimiz sotib olamiz.
Seminarda fermer xo‘jaligi bilan hamkorlik qilayotgan xonadon va deqhon xo‘jaliklari egalari o‘z tajribalari haqida gapirib berdi.
Shundan so‘ng viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, markaziy bank viloyat boshqarmasi rahbarlari joriy yilda viloyatda aholini kambag‘allikdan chiqarish va bandligini ta’minlash, mahallalarni ixtisoslashtirishga doir dasturlar, bu borada amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha taqdimotlar qildi.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Bo‘ronov bu yil viloyatdagi mahallalarni ixtisoslashtirish, aholini kambag‘allikdan chiqarish va bandlik dasturi ijrosini ta’minlashga alohida yondashuv bo‘lishini ta’kidladi.
– Kambag‘al oilaga bitta motokultivator yoki elektr pech berish, qog‘ozda ishga joylashtirish bilan ularni ro‘yxatdan chiqarish amaliyotiga chek qo‘yiladi, – dedi Sh.Bo‘ronov. – Avvalo, kambag‘al oilaning real daromadi hisobga olinadi, turmush tarzi o‘zgardimi-yo‘qmi – shunga e’tibor qaratamiz. Kambag‘al oilaga turli xil kreditlar rasmiylashtirib, uni battar og‘ir holatga solib qo‘ymaslik kerak. Har qanday yordam, subsidiya oilani qisqa fursatda kambag‘allikdan chiqarish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga qaratiladi. Buning uchun zarur instrumentlar yaratilgan, ushbu yo‘nalishga ajratilgan mablag‘lar miqdori ham bu yil ancha oshgan. Hududlar rahbarlari “mahalla yettiligi” bilan birgalikda bu imkoniyatlardan samarali foydalanishlari lozim.
Seminar qatnashchilari Samarqand tumanidagi Ohalik mahallasi misolida mahallaning ixtisoslashuvi jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur mahalladagi 804 ta xonadonda 4000 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Ularning 1447 nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Mahalladagi 197 xonadonda bedanachilik yo‘lga qo‘yilgan. Ularning bir oylik daromadi o‘rtacha 16 million so‘mni tashkil etadi. Ushbu mahallada ham lider tadbirkor tomonidan aholining mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun bedana jo‘jasi va uning ozuqasi yetkazib berilishi birga birga zarur shart-sharoit ham yaratiladi. Bedana tuxumi va go‘shti ham tadbirkor tomonidan xarid qilinadi.
Tadbir ishtirokchilari tumanning boshqa mahallalarini ham ixtisoslashtirish va ularning infratuzilmasini yaxshilash, aholini kambag‘allikdan chiqarish va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlarni o‘rgandilar.