40 kunda 47 ta noqonuniy holat aniqlandi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) va viloyat ekologiya bosh boshqarmasi tomonidan doimiy o‘tkaziladigan reydlar davomida joriy yilning dastlabki 40 kunida 47 holatda noqonuniy qum-shag‘al olib chiqish aniqlandi.
Jumladan, maratoriy joriy qilingan Zarafshon daryosining Toyloq tumani hududidan oqib o‘tuvchi o‘zanida tungi vaqtda qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinib, Urgut va Samarqand shahrini bog‘lovchi yangi temir yo‘l tarmog‘i ustida maxsus beton moslamalar o‘rnatilgan holda tashilib, “Zarafshon Propriety Service” mas’uliyati cheklangan jamiyati hududiga joylashtirilgan.
Huquqbuzarlik natijasida tabiatga 422 milliard 648 million 358 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi. Beton bo‘laklari temiryo‘lga qo‘yilganligi yuzasidan hududiy ichki ishlar organlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Yana bir holatda Toyloq tumanida yashovchi J.S o‘z boshqaruvida bo‘lgan ekskavator yordamida Zarafshon daryosidan qum-shag‘alni noqonuniy qazib olib, “Kamaz” rusumli yuk mashinasiga ortib yuborayotganligi aniqlangan. Ushbu transport vositalari vaqtincha saqlash jarima maydonchasiga qo‘yilib, huquqbuzarlarga tegishli chora ko‘rildi.
Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Toyloq tumani IIB bilan hamkorlikda navbatdagi reyd tadbirlarida tumanning G‘o‘lba mahallasida yashovchi fuqaro F.J. tomonidan tuman hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanalidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasi qazib olinayotganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan jarima hamda 158 million 100 ming so‘m tabiiy obektlarga yetkazilgan zarar hisob-kitob qilindi. Transport vositalari vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi.
Prezidentimizning 2024-yil 17-yanvardagi farmoni bilan Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolari o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan. Ushbu farmon suv havzalarini muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash hamda daryolarning tabiiy oqimi buzilishining oldini olishga qaratilgan.
Viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi axborot xizmati.