Majburiyat bajariladi, unutilsa qimmatga tushadi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasiga muvofiq, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar. Biroq ayrim yurtdoshlarimiz Asosiy qonunimizda belgilangan burchlarini unutib qo‘ymoqda. Oqibatda xodimlarimiz tomonidan qonun doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llanilyapti.
Xususan, nazorat tadbirlari davomida chiqindilar bilan bog‘liq talablarga rioya etmaslik bo‘yicha 1783 nafar shaxsga nisbatan 1 milliard 47 million 645 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Ushbu yo‘nalishda birgina avtomobilda chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlash bo‘yicha Samarqand shahri va tumanida o‘rnatilgan kuzatuv kameralari orqali joriy yilning o‘tgan davrida 248 holat qayd etilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan inspektorlarimiz tomonidan 228 nafar shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismiga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.
Misol uchun, Samarqand shahrida yashovchi R.U. va X.Xlar o‘z boshqaruvidagi avtomoshinalarga yuklangan qattiq maishiy chiqindilarni belgilanmagan hududga joylashtirganligi uchun 1 million 125 ming so‘mdan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Dilshod Xushvaqtov,
viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.