Ekologiyaga oid muammongiz bormi?

Endi soha vakillari o‘zi sizni izlab boradi.

Negaki, shu kunlarda viloyat hokimi topshirig‘iga asosan mutasaddilar joylarda aholini qiynab kelayotgan masalalarni o‘rganmoqda. O‘rganishlarning navbatdagi Samarqand tumanida o‘tkazildi.

Tumanning Mironqul hududida bo‘lgan viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi rahbarlariga aholi go‘sht va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish sexi faoliyatidan noroziliklarini bildirishdi.

Ma’lum qilinishicha, sexda qayta ishlash jarayonida paydo bo‘lgan suyuqlik hududdagi kanalga oqizilmoqda (Aslida bo‘sh turgan yerda to‘plangan). Bundan norozi bo‘lgan aholi tadbirkorning ishchilarini kaltaklagan. Sudga qilingan murojaatga asosan huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolar jarimaga tortilgan.

Biroq o‘rtadan oqibat ko‘tarilgan bo‘lsa-da, muammo ko‘ndalang qolavergan. Har ikki tomonning gaplariga quloq tutgan mutasaddilar holat joyini ko‘zdan kechirdi.

Vaziyatdan kelib chiqib, tadbirkorga bir hafta muddat berildi. U shu muddat ichida chiqindixonaga aylantirilgan maydonni asl holiga keltirib, sexda paydo bo‘layotgan suyuqlikni maxsus quvurlari orqali hududida handaqlarda saqlaydigan bo‘ldi.

Kelishuv qanday amalga oshirilishini keksalar nazoratga oladi. Agar uning ijrosi paysalga solinsa, mutasaddilarni xabardor qilish uchun telefon raqamlari berildi.

Sizda ham ekologiya, atrof-muhit bilan bog‘liq muammo bormi?