Samarqandda global ekologik masalalar muhokamasiga kirishildi

Samarqand xalqaro turizm markazida Yo‘qolib borayotgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdoni tartibga solish to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Tomonlar konferensiyasining 20-sessiyasi (CITES CoP20)ning ochilish marosimi o‘tkazildi.

CITES (Convention on International Trade in Endangered Species of Wild Fauna and Flora) 1973 yilda qabul qilingan va 1975 yilda kuchga kirgan konvensiya bo‘lib, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan hayvon va o‘simlik turlarining xalqaro savdosini tartibga soladigan va nazorat qiladigan xalqaro mexanizmdir. Uning asosiy maqsadi tabiiy resurslardan foydalanishni cheklash orqali turlarning yo‘qolib ketishining oldini olish hisoblanadi. Konvensiya yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar bilan savdoni cheklash yoki to‘liq taqiqlash, tabiiy populyasiyalarga zarar yetkazmaydigan darajada savdoni nazorat qilish, a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik mexanizmlarini o‘rnatishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston 1997 yildan beri CITES Konvensiyasi ishtirokchisi va mazkur Konvensiya ilovalariga kiritilgan qator turlar, jumladan, qor qoploni, sayg‘oq va kamyob dorivor o‘simliklarning vatani hisoblanadi.

Shu jihatdan “CITES CoP20”ning Samarqandda o‘tkazilishi bejiz emas. Sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda ishtirok etish uchun dunyoning 185 davlatidan 3 ming nafarga yaqin ishtirokchi qadimiy kentga keldi.

“CITES CoP20”ning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, CITES Bosh kotibi Ivonn Igero xonim so‘zga chiqib, mazkur xalqaro forum va undan kutilayotgan natijalarga e’tibor qaratdi.

A.Abduhakimov o‘z so‘zida O‘zbekiston hukumati Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi mintaqaviy va global sa’y-harakatlarni faol qo‘llab-quvvatlashga qat’iy bel bog‘laganini qayd etib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

– 2025 yil yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishning yorqin ifodasidir, – dedi A.Abduhakimov. – Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti milliy ekologik boshqaruvni tubdan o‘zgartirish va samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi tarixiy farmonni imzoladi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis Senati oldiga hisobdor Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Ekologiya qo‘mitasi “Bio meros”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat”, “Toza havo” va “Chiqindidan xoli hudud” umummilliy loyihalarini amalga oshirish ustuvor etib belgilandi. Ekopolitsiya va Ekologik monitoring milliy markazi tranformatsiya etilib, uning yangi vakolatlari yovvoyi flora va fauna noqonuniy savdosi hamda tabiatga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini oshiradi. Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekologiya sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida 14 ta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilib, ularning maydoni 4 foizdan 14,2 foizga yoki 6,3 million gektarga yetdi. 108 turdagi yovvoyi hayvon va o‘simlik turlari CITES ro‘yxatlariga kiritildi va muhofazaga olindi. "Qizil kitob"ga kiritilgan hayvonot ob’yektlariga yetkazilgan zararni undirish summalari 10 baravarga, o‘simliklarga yetkazilgan zararni undirish summalari 5 baravarga, daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jarimalar 5 baravarga oshirildi. Biz kundalik faoliyatimizga raqamli yechimlarni, jumladan, GIS (geografik axborot tizimlari) va SMART-Patrol tizimini joriy etmoqdamiz. Natijada, 2023 yildan boshlab, inspektorlarimiz tomonidan yovvoyi tabiatga qarshi  14 mingdan ortiq jinoyat va noqonuniy savdo holatlari qayd etilib, oldi olindi.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘z so‘zida O‘zbekiston tomonidan bir qator muhim takliflarni ilgari surdi. Jumladan, barcha jarayonlarni raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish noqonuniy savdoga qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyatga egaligini hisobga olib, a’zo davlatlar va CITES kotibiyati bilan hamkorlikda “Samarkand AI-hub” maslahat platformasini joriy etishni taklif qildi. Shuningdek, noqonuniy savdo jadallashib borayotgan bir davrda, tomonlarda sanksiyalar va javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha normalarni muvofiqlashtirish mexanizmini (“Sanctions & Enforcement Enhancement Facility”) ishlab chiqish, yovvoyi hayvonlarni ko‘paytirish markazlari va noyob o‘simliklar plantatsiyalarini rivojlantirish takliflarini bildirdi.

Sessiya qatnashchilariga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari – BMT atrof-muhit  dasturi ijrochi direktori Inger Andersen xonim videomurojaat yo‘llab, O‘zbekiston rahbariyatiga mazkur xalqaro tadbirga mezbonlik uchun minnatdorlik bildirdi va sessiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Ochilish marosimidan so‘ng sessiya kun tartibiga muvofiq muhim masalalar muhokamasiga kirishildi.