“CITES CoP20”: Samarqand deklaratsiyasi imzolandi
Samarqandda o‘z ishini boshlagan “CITES CoP20” konferensiyasining strategik ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan yuqori darajadagi muloqot doirasida O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida Markaziy Osiyoda yovvoyi fauna va flora resurslaridan barqaror foydalanishni qo‘llab-quvvatlash va yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha 2026–2032 yillarga mo‘ljallangan Samarqand deklaratsiyasi va mintaqaviy hamkorlik rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Traffic International bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan deklaratsiya va harakatlar rejasi Markaziy Osiyo mamlakatlari yashash joylarining yo‘qolishi, iqlim o‘zgarishi, brakonerlik va yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq mintaqaning bioxilma-xilligiga tobora ortib borayotgan tahdidlarni birgalikda hal qilishga sodiqligini aks ettiradi.
Hujjatda milliy atrof-muhit, bojxona, huquqni muhofaza qilish va sud idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ishchi guruhlarni tuzish, axborot almashinuvini yaxshilash va zamonaviy monitoring texnologiyalarini ilgari surish ko‘zda tutilgan.

Mintaqaviy hamkorlik muhim ma’lumotlarning muntazam almashinuvi, qo‘shma nazorat mexanizmlarini ishlab chiqish, noqonuniy savdoga qarshi kurashish uchun mintaqaviy tarmoqni yaratish va chegara hududlarida muvofiqlashtirilgan harakatlar orqali mustahkamlanadi. Bundan tashqari, mamlakatlar yovvoyi hayvonlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurash, ekotizimni tiklash, noyob turlarni himoya qilish, mutaxassislar malakasini oshirish, ekoturizmni rivojlantirish hamda mahalliy jamoalarning tabiatni muhofaza qilish tashabbuslarida ishtirok etishini o‘z ichiga olgan va barqaror iqtisodiy yechimlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yagona strategik asosni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib oldilar.

Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaning noyob tabiiy merosini saqlab qolish, ekologik barqarorlik, ijtimoiy integratsiya va iqtisodiy rivojlanishning uyg‘unligini ta’minlash uchun hamjihatlikda harakat qilishini ta’kidlaydi.