“Abu Ali ibn Sino – tibbiyot javohiri”
Samarqand davlat tibbiyot universitetida Abu Ali ibn Sino tavalludining 1044 yilligiga bag‘ishlangan III xalq tabobati bo‘yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Jahon tibbiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobokalonimiz merosini o‘rganish va keng tatbiq qilishga qaratilgan anjumanda yurtimiz hamda Koreya, Hindiston, Eron, Turkiya, Avstriya, Rossiya kabi 12 ta mamlakatdan ellikdan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan mahorat darslari, amaliy ko‘nikmalar namoyish etildi.
Shuningdek, “Abu Ali ibn Sino ta’limoti va hadislarning sog‘lom turmush tarzini shakllantirishdagi o‘rni”, “Ibn Sinoning an’anaviy tibbiyot g‘oyasini O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga joriy etish”, “Xalq tabobatida dorivor o‘simliklarni standartlashtirishning dolzarb masalalari”, “Turkiya dorivor o‘simliklari haqida ma’lumot”, “An’anaviy tibbiyotning yaxlit asoslari” va boshqa bir qator dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar qilinib, fikr- mulohazalar tinglandi.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasida bir qator kelishuvlarga ham erishildi. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Janubiy Koreyaning “Komsta” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan memorandum imzolandi.
Tashkil etilgan mazkur anjuman ulug‘ bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning jahon tabobatiga qo‘shgan ulkan hissasini e’tirof etish, uning boy ilmiy merosini o‘rganish va yosh avlodga o‘rgatish, tibbiyotda ilgari surgan g‘oyalarni mamlakatimiz va jahon tibbiyoti amaliyotiga joriy etish maqsad qilingan.