Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasining navbatdagi konferensiyasi O‘zbekistonda o‘tyapti
Argentina, Germaniya, Avstriya, Vengriya, Indoneziya, Eron singari 33 davlatdan 150 nafarga yaqin delegatsiya a’zosi qatnashayotgan konferensiyaga Samarqand shahri mezbonlik qilmoqda.
Xalqaro tadbirning ochilish qismida O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Akbar Toshqulov, respublika Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov va boshqalar so‘zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi. Xalqaro notariuslar ittifoqining bir guruh faxriy a’zolari taqdirlandi.
Tadbirda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda notariuslarning o‘rni hamda notariatlar faoliyatini raqamlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi. Ikki kun davom etadigan asosiy tadbirlar yakunida soha rivojiga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Aytish joizki, Xalqaro notariuslar ittifoqi 1948 yil tashkil etilgan nohukumat tashkiloti bo‘lib, unda turli komissiyalar va ishchi guruhlari faoliyat ko‘rsatadi. Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasi (International Notarial Cooperation Commission) ularning eng nufuzlisi hisoblanadi. O‘zbekiston Notarial palatasi tuzilmaga 2021 yil 3 dekabr kuni 91-a’zo sifatida qabul qilingan. Bu milliy notariat tizimi hamda rivojlangan davlatlar notariat tizimlari faoliyatini integratsiya qilish, notariuslar tasdiqlagan hujjatlar dunyo miqyosida tan olinishini ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, ushbu a’zolik mamlakatimizga xorijiy investorlarning sarmoya kiritishga bo‘lgan ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Konferensiya dasturiga muvofiq, ishtirokchilar Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, xalqimizning boy madaniy merosi va qadriyatlari bilan ham tanishtiriladi.