Yaqin kelajakda suv ostida qoladigan shaharlar

Jadal urbanizatsiya global isishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi, chunki issiq gazlarning eng katta qismi aynan yirik shaharlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, aynan shu shaharlar birinchilardan bo‘lib bunday o‘zgarishlarning halokatli oqibatlariga duch kelmoqda — ularning ayrimlari esa tom ma’noda suv ostiga sho‘ng‘ib boryapti.

 Jakarta, Indoneziya

Indoneziya poytaxti yiliga 17 santimetr tezlikda cho‘kib bormoqda. 2050 yilga kelib, shaharning katta qismi suv ostida qolishi mumkin. Bu muammo nafaqat global isish va dengiz sathining ko‘tarilishi bilan bog‘liq, balki Jakartaning cho‘kishiga, avvalo, aholi sonining keskin o‘sishi va buning oqibatida yer osti suvlarining haddan tashqari ko‘p miqdorda tortib olinishi ham sabab bo‘lmoqda.

Shahar ma’muriyati 10 million nafar aholini markazlashgan suv ta’minoti bilan ta’minlash imkoniyatiga ega emas, shu bois odamlar o‘z shaxsiy quduqlaridan foydalanishga o‘rganib qolganBuning oqibatida yer ostida bo‘shliqlar hosil bo‘lgan, ulardagi bosim o‘zgarishlari tuproqning cho‘kishiga va hududning tezda suv ostida qolishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, 2021 yilda 1380 nafar kishi suv ostida qolgan uylarini tark etishga majbur bo‘lgan edi.

 Kalkutta, Hindiston

Kalkutta shahri Gang daryosidagi past tekislik hududida joylashgan. Bundan tashqari, shaharda kuchli tropik siklonlar sodir bo‘lib turadi. Lekin cho‘kishning asosiy sababi urbanizasiya va aholi sonining keskin o‘sishi bo‘lib qolmoqda.

Hoshimin, Vetnam

So‘nggi ma’lumotlar 2050 yilga kelib Vyetnamdagi eng yirik shahar suv ostida qolishi mumkinligini aniqladi. So‘nggi 20 yil ichida shaharning ayrim qismlarida suv sathi 80 millimetrgacha ko‘tarilgan. Hududining 40–45 foizi dengiz sathidan bir metrdan pastroq balandlikda joylashgani sababli, kuchli yomg‘irlardan keyin bu yerda yuzaga keladigan suv toshqinlari deyarli odatiy holat.

Rio de-Janeyro, Braziliya

Mutaxassislarning bashoratiga ko‘ra, Janubiy Amerika shaharlari orasida Rio de-Janeyro iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘radigan shahar bo‘ladi. 2080 yilga kelib, u yerdagi havo harorati 3,4 darajaga, dengiz sathi esa 37–82 santimetrga ko‘tarilishi kutilmoqda. Shuningdek, shahar kuchli tropik siklonlar keltirib chiqaradigan ko‘chkilar hamda yuqumli kasalliklar avj olishga moyil hudud hisoblanadi.

Yangi Orlean, AQSh

Luiziana shtatining eng yirik shahri yiliga 5 santimetrgacha tezlikda cho‘kib bormoqda va NASA tadqiqotchilari 2100 yilga borib shahar suv ostida qolishi mumkinligi haqida aytmoqda.

Missisipi daryosi deltasida joylashgan Nyu-Orlean hududlarining qariyb yarmi dengiz sathidan pastda joylashgani sababli, suv toshqinlari bu yerda tez-tez uchrab turadi. O‘tgan uch asr davomida odamlar tabiiy landshaftni o‘z ehtiyojlariga moslashtirib o‘zgartirib keladi: Missisipi daryosini jilovlash uchun dambalar qurildi, turar-joylar esa avvallari botqoqlik va daryo toshqinlari hududi bo‘lgan yerlar, ko‘pincha tuproq cho‘kishga moyil bo‘lgan pastqam joylarda barpo etilgan.

Osaka, Yaponiya

2070 yilga kelib, Yaponiyaning yirik savdo markazlari va eng mashhur sayyohlik maskanlaridan biri zilzilalar, to‘fonlar va kuchli suv toshqinlari oqibatida jiddiy zarar ko‘rishi mumkin. Shaharning katta qismi daryo o‘zanlari kesib o‘tgan past tekislikda joylashgan.

Rotterdam, Niderlandiya

Suv toshqinlari bo‘yicha yetakchi mutaxassislar sifatida tanilgan gollandiyaliklar miloddan avvalgi VI asrdan beri dengiz hujumlariga qarshi kurashib keladi. Niderlandiya suv ostida qolish xavfi yuqori bo‘lgan Yevropa mamlakatlari ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi, Rotterdam hududining 90 foizi esa dengiz sathidan pastda joylashgan.

Aholi suv sathidagi o‘zgarishlar haqida xabar beruvchi maxsus onlayn ilovadan foydalanadi, bolalarga kiyim va poyabzal bilan suzish o‘rgatiladi, tuproq suvni o‘ziga singdirishi uchun bolalar bog‘chalaridagi asfalt yo‘lakchalar olib tashlangan. Yuqori texnologik yechimlar ham qo‘llanilmoqda: shaharning g‘arbiy qismida Yer yuzidagi eng yirik harakatlanuvchi himoya inshootlardan biri, ulkan "Maslantkering” to‘sig‘i o‘rnatilgan. Uning har bir darvozasi yonboshlatib yotqizilgan Eyfel minorasi bilan teng keladigan o‘lchamga ega.

***

Dengiz sathining ko‘tarilishi xavfi ostida qolgan aksariyat megapolislar asrlar davomida tabiiy resurslarni isrof qilib, endilikda o‘zlarining tabiiy himoya vositalarisiz qolgan.

Qiziq, iqlim va ekotizimlarga qo‘shimcha zarar yetkazmasdan ushbu shaharlarni saqlab qolishning biror yo‘li bormikan?

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.