Samarqandda yangi turistik maskan ochildi

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Samarqand tumanining Mironqul qishlog‘ida “Edelweiss Resort & SPA” dam olish maskani foydalanishga topshirildi.

40 gektar maydonda barpo etilgan majmuaning umumiy loyiha qiymati 22 million AQSh dollarini tashkil etadi. Majmuada 160 o‘rinli mehmonxona, turli toifadagi shinam xonalar, qishki va yozgi mavsumlarda foydalanish mumkin bo‘lgan cho‘milish havzalari, SPA va sog‘lomlashtirish markazi, zamonaviy muolaja xonalari hamda sayr yo‘laklari barpo etilgan. Bir kunda 500 nafargacha mehmonga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Maskan ish boshlashi bilan 150 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi.

Loyihani amalga oshirish doirasida dam olish maskaniga boradigan 4 kilometr avtomobil yo‘li asfaltlashtirilib, zamonaviy ko‘prik qurildi. Hududda ekologik muhitni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilib, 50 mingdan ortiq manzarali daraxt va butalar ekildi. Ularni sug‘orish uchun 15 kilometr masofadan buloq suvi  tarmog‘i torilib, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Majmuaning ochilish marosimida viloyat va tuman hokimliklari rahbarlari, turizm sohasi mas’ullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bunday zamonaviy loyihalar viloyatimizning turistik salohiyatini yuksaltirish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish orqali hudud iqtisodiyoti hamda aholi farovonligini oshirishga munosib hissa qo‘shishini ta’kidladilar.