“MKP” nima, u qanchalik muhim?

Muloqotdan keyingi profilaktika (MKP) infeksiya bilan muloqotda bo‘lish ehtimolidan keyin OIV infeksiyasi rivojlanishining oldini olishga yo‘naltirilgan tibbiy choradir.

Bu –  OIV infeksiyasi yuqishi mumkin bo‘lgan xavfli vaziyatdan so‘ng virusli infeksiyaning oldini olish uchun maxsus dorilarni qabul qilish jarayoni. Ushbu muolajani imkon qadar tezroq, ya’ni eng kechi bilan 72 soat (3 sutka) ichida boshlash shart. 
Dorilarni xavfli muloqot sodir bo‘lgandan keyin birinchi 2 soat ichida boshlash yaxshi samara beradi. 72 soatdan keyin boshlangan profilaktika foyda bermaydi. Antiretrovirus dorilar maxsus kurs sifatida uzluksiz 28 kun davomida ichiladi.

Muloqot sodir bo‘lganda darhol eng yaqin OITSga qarshi kurash markaziga yoki yuqumli kasalliklar shifoxonasiga borish kerak. Shifokorga muloqot qanday sodir bo‘lganligi, tibbiy, notibbiy jarohatmi (ko‘chada yoki boshqa joylarda) boshqalarga ishlatilgan igna sanchilishi yoki begona shaxslar bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa bo‘lganligini aytish kerak.

MKP kasbiy va nokasbiy bo‘ladi. Kasbiy muloqot - bu xizmat vazifalari bajarilayotganda qon yoki boshqa biologik suyuqliklarning teri ostiga, shilliq qavatga yoki jarohatlangan teriga tushishi. Kasbiy muloqat tibbiyot xodimlarida va ayrim boshqa kasb vakillarida uchrashi mumkin.
Nokasbiy muloqotga himoya qilinmagan jinsiy aloqa, giyohvand moddalar yuborishda umumiy shpritslardan foydalanish, ignaning tasodifiy sanchilishi, tishlangan jarohatlar, shilliq qavat bilan muloqot va boshqalar kiradi. Kasb faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan muloqotlarga kasalxona ichidagi OIV bilan muloqot ham kiradi. Davolash muassasasida OIVni tasodifan tibbiyot xodimi yoki boshqa mijozdan yuqtirib olish mumkin.

Igna bilan yoki boshqa o‘tkir asboblar bilan jarohat olinganida birinchi navbatda jarohat yuzasi oqar suvga tutib turiladi (bir necha daqiqa yoki qon to‘xtaguncha) toki jarohatdan qon erkin oqib ketsin. Oqar suv bo‘lmaganda jarohatlangan joy dezinfeksiyalovchi eritma, gel yoki qo‘l yuvish eritmalarida tozalanadi. Kuchli ta’sir qiluvchi vositalar: spirt, oqartiruvchi suyuqliklar va yodni qo‘llash ta’qiqlanadi, chunki bu vositalar jarohat yuzasini yallig‘lantirishi va holatini yomonlashtirishi mumkin. Jarohatlangan joyni ishqalash yoki ezish mumkin emas. Igna sanchilganidan keyin qolgan jarohatdan qonni so‘rish ham taqiqlanadi.

Qon yoki boshqa biologik suyuqliklar sachraganda ifloslangan joy darhol yuviladi. Oqar suv bo‘lmaganda gel yoki qo‘l yuvish eritmalarida tozalanadi. Ko‘zga sachraganda esa ko‘zni suv yoki fiziologik eritma bilan yuvish zarur. Ko‘zni sovun yoki dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan yuvish mumkin emas.
Og‘izga sachraganda og‘izga tushgan suyuqlik tupurib tashlanadi, og‘iz obdon suv yoki fiziologik eritma bilan chayiladi va yana tupuriladi. Og‘izni chayshi bir necha marta takrorlanadi. Og‘izni ham sovun yoki dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan chayish mumkin emas.

Dildora Ahmedova,
viloyat OITSga qarshi kurash markazi vrach-epidemiologi.